00:57 / 01.09.2020
8523

Davlatlarning karantindan keyin nazoratsiz ochilishi falokatga aylanishi mumkin - JSST  

Koronavirusga qarshi kiritilgan cheklovlarning nazoratsiz bekor qilinishi falokatga olib keladi. Bunday fikrni JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus aytib o‘tdi. 

Foto: REUTERS

JSST davlatlar karantin rejimidan chiqishda ehtiyotkor bo‘lishlari kerakligini ta'kidlamoqda. Chegaralarning o‘ylamasdan, shoshqaloqlik bilan ochilishi falokatga olib kelishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, hozirda cheklovlarni ancha yumshatgan bir qator davlatlarda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini kuzatilmoqda. 
       
“Pandemiya boshlangandan 8 oy o‘tib, odamlar charchagani va avvalgidek yashashni istayotganini tushunmoqdamiz. Agar davlatlar ochilishni astoydil istayotgan bo‘lsa, unda virus tarqalishini to‘xtatish va hayotlarni saqlab qolishga jiddiy munosabatda bo‘lishlari lozim. Virusni qanchalik ko‘p davlat nazorat qilsa, shunchalik ko‘p davlat ochilishi mumkin. Chegaralarning nazoratsiz ochilishi bu muqarrar falokat retseptidir”, deb ta'kidlab o‘tilgan Gebreyyesus bayonotida.

JSST rahbarining fikricha, davlatlarning xavfsiz ochilishi uchun ommaviy tadbirlarni cheklash hamda ijtimoiy masofalashuv va sanitar me'yorlarga amal qilish lozim. “JSST iqtisodiyot va jamiyat hayotining faollashuvini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bolalar maktablarga, odamlar esa ishlariga qaytayotganlarini ko‘rishni istaymiz. Biroq bular xavfsiz amalga oshirilishi tarafdorimiz”, deb qo‘shimcha qilgan JSST bosh direktori.

Gebreyyesus davlatlar normal hayotga qaytishdan oldin ko‘rishlari kerak bo‘lgan asosiy 4 qadamni sanab o‘tgan. Birinchidan, odamlarning yirik guruhlarida virus tarqalishini cheklay olish. Virusga ko‘plab chalinish holatlari ommaviy tadbirlar vaqtida, jumladan tungi klublar, stadionlarda, diniy marosimlar vaqtida qayd qilinmoqda. Ikkinchidan, o‘lim darajasini kamaytirish uchun virus oldida zaif qatlamlarni himoyalash. Uchinchidan, har bir odam jamiyat xavfsizligini ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shishi – niqob taqishi, ijtimoiy masofaga amal qilishi va qo‘llarini tez-tez yuvib turishi kerak. To‘rtinchidan, hukumat kasallanganlarni aniqlash, ularni yakkalash, davolash, tahlillar o‘tkazish hamda kasallanganlarning aloqalarini kuzatish bo‘yicha choralar ko‘rishi lozim.

Mavzuga oid
Top