23:23 / 01.09.2020
28461
Dunyodagi vaziyat: hongkongliklar yoppasiga test qilinmoqda, Rossiya vaksinasiga shubhalar davom etmoqda

Yevropa mamlakatlaridagi maktablarda g‘ayrioddiy va xavotirli o‘quv yili boshlanmoqda. Yangi qoidalar tarkibiga qo‘llarni tez-tez yuvish, turli sinflar uchun maktabga kelish va tanaffuslarning farqli vaqtlari, xonani tez-tez shamollatish kiradi. O‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilar har xil his-tuyg‘ularni boshdan kechirayotgan bir paytda, siyosatchilar sinflar hozir xavfsizligini ta'kidlab, barchaning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilmoqda. 

Foto: Getty Images

Hongkongda koronavirus uchun ommaviy tekshirish boshlanadi. Unda Xitoy hukumatining ishtiroki ko‘pchilikni xavotirga solmoqda va hozircha ko‘ngillilar nisbatan kam. 

Hindistonda avgust oyida deyarli 2 million kishida koronavirus qayd etilgan - bu butun pandemiya davri uchun rekord ko‘rsatkich. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda 25,5 milliondan oshiq kishiga Covid-19 tashxisi qo‘yilgan, 850 mingdan ziyod odam virus va u aloqador bo‘lgan kasalliklardan vafot etgan. 

Yevropada bolalar partalarga qaytmoqda
Fransiyada ikki oylik yozgi ta'tildan so‘ng 12,4 million bola sinfga qaytmoqda. «Qo‘rqmang!» – ta'lim vaziri Jan-Mishel Blank shu kabi so‘zlar bilan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga murojaat qildi. 11 yoshdan katta o‘quvchilar va o‘qituvchilar maktab hududida niqob kiyishlari shart.

Moskvada bilimlar kuni. Foto: Kirill Kuxmar/TASS

Yozda Fransiya bo‘ylab koronavirus bilan yangi kasallanishlar soni keskin oshishi qayd etildi. Faqatgina avgust oyida kasallanish holatlarining jami soni 50 foizga oshib, 281 mingtaga yetdi. Iyul oxirida ushbu ko‘rsatkich 188 mingni tashkil etgandi. 

Yangi avj olishlar tufayli mamlakat rasmiylari yozda ba'zi karantin choralarini qayta joriy etdi, xususan, niqob taqish nafaqat do‘konda va transportda, balki aksariyat yirik shaharlarning ko‘chalarida ham majburiy holga aylandi. 

Seshanba kunidan boshlab Fransiyada ish joylarida ham niqob taqish shart bo‘ladi. 

Dushanba kuni rasmiylar 3082ta yangi holat haqida xabar berishdi, bu juma kungi ko‘rsatkich (7379ta holat) bilan taqqoslaganda sezilarli pasayishdir.

Yozda pandemiya Ispaniyaga ham yangi kuch bilan qaytdi, bu davlatda olti yoshdan oshgan barcha maktab o‘quvchilari niqob kiyishi va kuniga kamida besh marta qo‘llarini yuvishlari shart. Sinflar soni eng ko‘pi bilan 25 bolaga qisqartirildi va mahalliy hokimiyat qo‘shimcha o‘qituvchilarga maosh to‘lamoqda. Rasmiylarning ta'kidlashicha, avgust oyidagi yangi bemorlar sonining keskin o‘sishi, qisman, yengil va alomatsiz holatlarning aniqlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu o‘lim ko‘rsatkichini barcha holatlarning 0,4 foiziga yetkazgan.

Italiyadagi maktab o‘quvchilari bir metrlik masofa saqlashi kerak va bu mumkin bo‘lmagan joyda - niqob taqishadi. Rasmiylar jamoat transportida chiptalarning yarmi o‘rniga 80 foizini sotishga ruxsat berishdi – o‘quvchilar maktablariga borishlari uchun.

Belgiyada 1,2 million o‘quvchi maktabga qaytmoqda. Darslar oralig‘ida turli sinf o‘quvchilari uchrashmasligi kerak, xonalar muntazam ravishda shamollatiladi, maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilar mashg‘ulotlar paytida niqobda bo‘lishlari kerak.

Angliya va Uelsda barcha bolalar shu haftaning turli kunlarida maktabga qayta boshlashadi. Ularning aksariyati uchun bu deyarli olti oydan keyingi birinchi an'anaviy mashg‘ulot. Dastlab, rasmiylar maktablarda niqob taqish shart emasligini ta'kidlashdi, ammo infeksiya tarqalishi ortishi tufayli mahalliy hokimiyat organlari vaqtinchalik cheklovlar joriy etgan hududlardagi o‘rta maktablarning yo‘laklarida niqobda bo‘lish o‘tgan haftada majburiylashtirildi.

Ta'lim tadqiqotlari milliy jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi maktablarning o‘qituvchilari va direktorlari o‘rtacha hisobda talabalar o‘z bilimlari jihatidan dasturdan uch oy orqada qolmoqda deb hisoblaydi, kam ta'minlangan va badavlat oilalar o‘quvchilari o‘rtasidagi o‘quv natijalaridagi farq esa bir yarim baravar oshdi.

Rossiya milliondan oshdi
So‘nggi bir kunda Rossiyada yana 4 729 yangi holat qayd etildi va jami zararlanish holatlari soni 1 000 048ga yetdi.

Rossiya kasallanish holatlari soni bo‘yicha jahon reytingida hamon to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Butun dunyoda shu vaqtgacha 25,5 milliondan ortiq kishi virusdan zararlangan.

Rossiyada so‘nggi bir kunda 123 bemor vafot etdi va jami o‘limlar soni 17 ming 299taga yetdi, mamlakat koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha 12-o‘rinda joylashgan. Shu vaqtgacha 815 ming 705 nafar bemor kasallikdan sog‘aygan.

Hukumat Covid-19’dan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat haqida yanvar oyidayoq e'lon qilgandi. 14 may kuniga kelib jami holatlar soni 250 mingga, 11 iyunga kelib 500 mingga yetgandi.

Hongkongda ommaviy sinov
Hongkongda dam olish kunlari koronavirusga tekshirishning keng ko‘lamli dasturi boshlandi. Testdan bepul, ixtiyoriy ravishda o‘tish mumkin.

Hongkongda aholini yoppasiga tekinga test qilish dasturi boshlandi
Foto: EPA/Vostock-photo

Ammo Xitoy hukumati qo‘llab-quvvatlashi va xitoylik shifokorlarning dasturda ishtirok etishi tufayli hongkongliklarda bu 7,5 millionlik shahar aholisining ko‘pchiligidan DNK to‘plashga urinish degan qo‘rquv mavjud. 

Shanba kuni ro‘yxatdan o‘tish boshlanganidan beri 500 mingdan ortiq kishi bepul testga yozildi. 

Tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasini test sinovlariga diqqatni jamlab emas, balki ommaviy yondashayotgani uchun tanqid qilyapti. Hokimiyat bunga javoban ommaviy tahlillar infeksiya tarqalishining umumiy miqyosini ko‘rishga va yangi o‘choqlarni samarali ravishda o‘chirishga yordam berishini bildirgan.

Iyul oyi o‘rtalarida, koronavirusning ikkinchi to‘lqinining eng yuqori cho‘qqisida shaharda kuniga 145ta yangi holat qayd etilgan edi, ammo so‘nggi ikki hafta ichida kunlik holatlar soni 25tadan oshmadi. 

Hindiston: avgust oyida deyarli 2 million yuqtirish holati
Hindiston hukumati avgust oyida koronavirus infeksiyasidan zararlanish bilan bog‘liq 2 millionga yaqin holatni qayd etdi. Bu pandemiya boshlanganidan bir mamlakatda qayd etilgan eng yuqori oylik ko‘rsatkich hisoblanadi.

Nyu-Delida tibbiyot xodimi PZR-test olish jarayonida
Foto: Reuters

Avgust oyida ushbu mamlakatda Covid-19 tashxisi qo‘yilgan 28 mingga yaqin odam vafot etdi - bu ham dunyodagi eng yuqori oylik ko‘rsatkichdir. 

Hindiston tashxis qo‘yilgan holatlarning umumiy soni bo‘yicha (3,6 million) dunyoda AQSh va Braziliyadan keyingi uchinchi o‘rinda joylashgan.

Shu bilan birga, Hindiston hukumati aprel va iyun oylari orasida deyarli to‘rtdan birga qisqargan iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun karantin choralarini yumshatishda davom etmoqda. 

Seshanba kuni Hindistonda muhandislik oliygohlarining kirish imtihonlari (Joint Entrance Examination) boshlanadi. Talabalar rasmiylarning imtihonlarni boshqa vaqtga surishiga umid qilishgandi. Ammo milliy imtihon agentligi imtihonni o‘z vaqtida o‘tkazishni talab qilmoqda, bu «hayot davom etishi zarurligi va talabalar karerasi xavf ostida qolmasligi kerakligi» bilan izohlanmoqda. Imtihonlar 6 sentyabrgacha davom etadi, 850 ming abituriyent mamlakatdagi 660 markazda test topshiradi.

Rossiya vaksinasi qanchalik samarali?
11 avgust kuni Rossiya Covid-19ga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazgan dunyodagi ilk davlat bo‘lgandi, ammo immunologlar juda tez tayyor bo‘lgan bu vaksinaning samaradorligi va xavfsizligiga shubha bilan qarashmoqda.

Foto: EPA/Vostock-photo

Mutaxassislar Xitoy va Rossiya vaksinalarini barchada ham birdek qo‘llab bo‘lmasligi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.

Xitoyning CanSino Biologics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilib, XXR hukumati tomonidan harbiy xizmatchilarda va yana ayrim davlat xizmatchilarida sinalishi ma'qullangan vaksina Ad5-nCoV adenovirus vektoriga asoslangan bo‘lib, shamollash chaqirishi mumkin.

Rossiyaning Gamaleya instituti tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi ikki komponentli vaksina 11 avgust kuni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasini olgandi. Ushbu vaksinani yaratishda ham adenovirus va yana bir kam tarqalgan virus asosida bir xil texnologiya ishlatilgan.

Ayrim ekspertlarning fikricha, ko‘pchilik Ad5 bilan kasallanib bo‘lgan va unga qarshi immunitet hosil qilgan, shunday ekan, yangi vaksinalar ularga kor qilmasligi mumkin.

«Meni Ad5 tashvishlantirmoqda, chunki ko‘pchilikda unga qarshi immunitet hosil bo‘lgan. Men ularning strategiyasi qandayligini bilmayman... Ehtimol, samaradorlik 70 foizga, balki, 40 foizga ham bormas. Ammo bu yo‘qdan ko‘ra bor», deya Jons Hopkins universitetining vaksinalar bo‘yicha mutaxassisi Anna Durbinning so‘zlarini keltirmoqda Reuters. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga qarshi yangi vaksinani qo‘llashga ruxsat berilishi jarayoni jiddiy yondashuvni talab etishini aytib o‘tdi.

JSST bosh direktori o‘rinbosari, doktor Sumiya Svaminatan har bir mamlakat yangi dori-darmonlarni keng ko‘lamli sinovlarsiz tasdiqlash huquqiga egaligini, lekin bunga yengil qarab bo‘lmasligini ta'kidladi.

Tashkilot ma'lumotiga ko‘ra, hozirda turli davlatlarda 33 xil vaksina klinik sinov jarayonida, yana 143 vaksinaning klinik sinovi boshlanishi kutilmoqda.

Sumiya Svaminatan Turli davlatlarda ishlab chiqilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar samaradorligi kamida 50 foiz bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

«Xavfsizlik mezonlariga javob berishi uchun vaksina kamida 50 foiz holatda samaradorligini ko‘rsatishi kerak. Samaradorligi 30 foizdan past bo‘lgan vaksinalarni ro‘yxatga olmagan ma'qul», degan u.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top