01:14 / 01.09.2020
8433
Ilon Mask dunyoning eng boy odamlari uchligiga kirdi

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Facebook asoschisi Mark Tsukerbergni ortda qoldirib, dunyoning eng badavlat odamlari uchligiga kirdi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.

Foto: AP /John Raoux

Ekspertlarning baholashicha, 31 avgustda Tesla va SpaceX kompaniyalari egasi bo‘lgan Maskning boyligi 111,3 mlrd dollardan oshgan. Mask milliarderlar ro‘yxatida Tsukerbergdan o‘zib, 3-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Facebook asoschisining kapitali ayni vaqtda 110,5 mlrd dollarga baholanmoqda.

Bloomberg ro‘yxatida 2-o‘rinni 125 mlrd dollar bilan Microsoft asoschisi Bill Geyts egallamoqda. Peshqadamlikni esa Amazon kompaniyasi rahbari Jyeff Bezos hamon o‘zida ushlab turibdi. Ayni vaqtda uning boyligi 200 mlrd dollarga baholanmoqda.  

Bloomberg’ning ta'kidlashicha, Mask kapitalining o‘sishiga ta'sir qilgan bosh omil Tesla aksiyalarining keskin qimmatlashishi hisoblanadi. Yil boshidan kompaniya aksiyalari 475 foizga qimmatlagan va Maskni yana 76 mlrd dollarga boyroq qilgan.   

Tesla Mask tomonidan 2003 yilda tashkil etilgan. Dastlab kompaniya elektromobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, biroq keyinroq quyosh batareyalari va boshqa energiya jamlovchi tizimlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullana boshlagan.

Top