22:32 / 01.09.2020
58565

Muntazam aviareyslarda O‘zbekistonga kelgan yo‘lovchilarni karantinga olish tartibi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston muntazam xalqaro aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash masalasida xorijiy davlatlar bilan muzokaralar boshlaydi. Shu asnoda fuqarolarning aviareyslar orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelishi tartibi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Kun.uz Respublika maxsus komissiyasi a'zosi, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovdan olgan ma'lumotga ko‘ra, «yashil» hudud sifatida belgilangan mamlakatlardan doimiy reyslar orqali kirib kelgan fuqarolarni karantinga olmaslik rejalashtirilmoqda.

«Sariq» hududlardan O‘zbekistonga kirib kelgan yo‘lovchilar COVID-19'ga topshirilgan PZR tahlili ma'lumotnomasini topshirishlari lozim. Test topshirmagan fuqarolar aeroport hududida o‘z hisobidan PZR yoki ekspress-test (shu jumladan antitanachalarni aniqlovchi) tekshiruvidan o‘tadi. Shuningdek, uy manzili va ma'lumotlari keltirilgan anketani to‘ldiradi va pasport nazorati xizmatiga taqdim etadi. Kasallik alomatlari aniqlangan taqdirda karantin majmuasiga joylashtiriladi.

«Qizil» hududlardan O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan fuqarolar esa parvozdan oldin PZR tekshiruvida manfiy natija olingan ma'lumotnomani taqdim etishi zarur. Bunday ma'lumotnomaga ega bo‘lmagan yo‘lovchilarning O‘zbekistonga kelishiga ruxsat berilmaydi.

«Qizil» aviareyslarda kelganlar 14 kunlik majburiy uy karantini yoki to‘lov asosida mehmonxonada karantinga joylashtiriladi. Kasallik alomatlari aniqlangan taqdirda esa karantin majmuasiga joylashtiriladi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi tartib charter reyslar emas, balki bosqichma-bosqich tiklanishi kutilayotgan muntazam aviareyslar yo‘lovchilari uchun joriy etilishi mo‘ljallanmoqda.

Mavzuga oid
Top