22:16 / 01.09.2020
18991
To‘qayev Qozog‘istonda keng miqyosdagi islohotlar boshlanganini e'lon qildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 1 sentabr kuni parlamentga murojaat bilan chiqdi. U o‘zining bir yarim soatlik murojaatida davlat boshqaruvidagi amaldorlar sonini qisqartirish jarayonini tezlashtirish va yangi davlat tuzilmalari tashkil etishga chaqirdi. To‘qayev shuningdek, siyosiy islohotlar mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Foto: akorda.kz

Siyosiy islohotlar

«Men davlat rahbari sifatida ko‘ppartiyaviylik tizimini qo‘llab-quvvatlashim va rivojlantirishim shart. Biz bir joyda turmaymiz. Siyosiy tizimimizni yangi voqeliklarga moslashtirishimiz kerak. Fuqarolik jamiyatiga siyosiy islohotlar kerak, shu bois ular albatta amalga oshiriladi. Demokratiyaning asosiy dushmani – ta'lim ko‘rmaganlik va populizm. Buni unutmaslik kerak», — dedi To‘qayev.

Qozog‘iston prezidenti shuningdek, inson huquqlari himoyasi borasida yangi choralar zarurligini aytdi va internetdagi ig‘vogarliklarga nisbatan fuqarolar uchun, ayniqsa bolalar uchun qonunchilik choralari zarurligini aytdi. 

Siyosiy islohotlar haqida to‘xtalar ekan, To‘qayev hokimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylashni taklif qildi, faqat hozircha faqat qishloqlar uchun. Bugungi kunda Qozog‘istonda oblast va respublika ahamiyatidagi shaharlar hokimlari prezident tomonidan tayinlanadi va bosh vazir tomonidan shahar hamda oblast kengashlariga taqdim etiladi. Rayon ahamiyatidagi shaharlar, qishloq okruglari, posyolka va qishloqlar hokimlari esa tegishli rayon deputatlari tomonidan saylanadi.

Ma'muriy islohotlar

To‘qayev murojaatida davlat xizmatchilari sonini qisqartirish jarayonini tezlashtirish topshirig‘ini berdi: bu yil 10 foizga va kelgusi yil 15 foizga.

«Pandemiya va davlat organlarining aksariyat xodimlari masofadan ishlashga o‘tishi davlat apparatini qisqartirish mumkinligi va zarurligini ko‘rsatib berdi», dedi Qozog‘iston prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tejalgan mablag‘lar hisobiga qolgan davlat xizmatchilarining maoshlari oshiriladi.

«Kam haq oladigan davlat xizmati jamiyatga juda qimmatga tushadi. Buni tushunmaslik esa salbiy seleksiya, vakolatlar, tashabbuslar yo‘qolishi va eng asosiysi, korrupsiyaga olib keladi», dedi u.

Qozog‘iston prezidenti shuningdek, vazirliklardagi mas'ul kotiblar institutini yil oxirigacha tugatish zarurligini aytdi, prezidentning bildirishicha, vazirlar va mas'ul kotiblar orasida «tushunmovchiliklar» uchragan.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston davlat boshqaruvining «yangi modeli» va davlat apparati tizimi «qayta yuklanish»ga ehtiyoj sezayotganligini ta'kidladi.  

«Davlat rejalashtirish tizimida bosh rejalashtiruvchi ham, ijrochi ham, baholovchi ham hukumatning o‘zi bo‘lib qolgan. Bu noto‘g‘ri», dedi u.

Davlat xizmatchilari sonini qisqartirish qarori fonida To‘qayev strategik rejalashtirish va islohotlar bo‘yicha agentlik tuzish topshirig‘ini berdi. U bu organni «islohotlar bo‘yicha prezident oliy organi» deb atadi. Yangi agentlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga bo‘ysunadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik tarkibiga milliy iqtisodiyot vazirligi huzuridagi statistika qo‘mitasi kirishi lozim.

To‘qayev shuningdek yana bir – raqobatni himoya qilish agentligi paydo bo‘lishini e'lon qildi – agentlik bozordagi monopoliyani qisqartirish bilan shug‘ullanadi. Prezidentning aytishicha, tadbirkorlar xususiy monopoliyachilarga bo‘ysunishga majbur, buning ortidan raqobatga qarshi holatlar paydo bo‘lmoqda, bu ayniqsa ko‘mir, elektr energiyasi, neft mahsulotlari, aloqa, farmatsevtika bozorlarida hamda aeroportlar, uy-joy kommunal, logistika xizmatlarida ko‘zga tashlanmoqda. Yangi agentlik ham bevosita prezidentga bo‘ysunadi.

Bundan tashqari, IIV sohasida ham islohotlar o‘tkaziladi. To‘qayevning topshirig‘iga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar vazirligi huquqni muhofaza qilish tizimidan ajratiladi. FVV 2014 yilda IIV tarkibiga kiritilgandi.

Iqtisodiy islohotlar

To‘qayev iqtisodiyotning koronavirus pandemiyasi oqibatida jabr ko‘rgan sektorlaridagi kichik va o‘rta biznes sub'yektlariga qo‘shimcha yordam sifatida yillik 6 foizgacha stavkada davlat subsidiya ajratishini aytdi. Subsidiyalash favqulodda holat rejimi e'lon qilinganidan, ya'ni 16 martdan boshlab 12 oylik davrni qoplashi lozim. To‘qayev shuningdek, kichik va o‘rta biznes sub'yektlari uchun ijara to‘lovi hisoblashni yil oxiriga qadar to‘xtatib turish topshirig‘ini berdi.

To‘qayev kreditorlar javobgarligini kuchaytirish hamda stavkalar chegarasini pasaytirishni topshirdi. Uning ta'kidlashicha, «fuqarolarning moliyaviy jihatdan yetarli darajada savodli emasligi ularga kredit mahsulotlarini tiqishtirish uchun bahona bo‘lmasligi kerak».

Kreditlash masalasini hal qilish uchun Milliy bank tizimida pul-kredit siyosati bo‘yicha qo‘mita tuzishga qaror qilindi.

Qozog‘iston prezidenti shuningdek, tibbiyot xodimlariga ikkinchi yarim yillik uchun rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha maosh sifatida budjetdan 150 mlrd tenge ajratish topshirig‘ini berdi hamda 2021 yil yanvardan o‘qituvchilarning maoshi 25 foizga oshirilishini e'lon qildi.

Top