21:44 / 02.09.2020
24170
AQShda Rossiyaning eng xavfli harbiy samolyoti ma'lum qilindi 

Tovush tezligidan yuqori tezlikda uchuvchi strategik bombardimonchi-raketa tashuvchi Tu-160 Rossiyaning eng xavfli harbiy samolyoti hisoblanadi. Bu haqda AQShning Aviation Week & Space Technology nashrida ma'lum qilingan.

Tu-160 / Foto: TASS

Sobiq ittifoq davrida ishlab chiqilgan samolyotga bag‘ishlangan fotojamlanmada Tu-160 ayni vaqtda dunyodagi eng katta harbiy samolyot hisoblanishi aytilgan. Rossiya tomonidan samolyotning modernizatsiya qilinayotgani uning harbiy imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Ma'lum qilinishicha, Rossiya mudofaa vazirligi 2018 yil yanvarda 2021-2027 yillar davomida 10 ta Tu-160M olish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Rossiya Blackjack’ni (samolyotning NATOdagi shartli nomlanishi) 2060-yillargacha qurollanishda qoldirmoqchi.

Maqola muallifining eslatishicha, Tu-160 oxirgi vaqtda bir nechta muhim parvozlar, jumladan Venesuela va JARga reyslar bajargan hamda Rossiyaning Suriyadagi kampaniyasida ishtirok etgan.

Maqolada, shuningdek, Rossiyaning Tu-95MS va Tu-22M3 samolyotlari eslab o‘tilgan.

Tu-160 samolyoti 1970-yillarda ishlab chiqilgan bo‘lib, Rossiya havo-koinot kuchlarida ushbu samolyotdan 17 dona bor. 

O‘zgaruvchan qanotli samolyotning uzunligi 54,1 metrni, balandligi 13,20 metrni, qanotlari qulochining maksimal uzunligi 55,7 metrni tashkil qiladi. 40 tonnagacha yuk ko‘tara oladi, kreyser tezligi 850 km/soatni tashkil qiladi. Havoda 15 soatgacha qo‘nishsiz ucha oladi. Bombardimonchi yadro va oddiy qurol bilan dushman obektlariga zarba berishga mo‘ljallangan.

Top