19:31 / 02.09.2020
3540
Iqtisodiy o‘sishni tiklash bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy o‘sishni tiklash va tizimli tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi hamda iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni tiklash va davom ettirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ”yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Foto: iStock

Amaliy harakatlar rejasining asosiy maqsad va vazifalarida ko‘rsatilishicha, kelgusi davrning asosiy cheklovlari va tahdidlari quyidagilar hisoblanadi:

1. Mahalliy mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqarilishining cheklanishi. Buning oldini olish uchun karantin davrida xo‘jalik faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganlarga alohida e'tibor berib, korxonalarning xo‘jalik faoliyatini tezroq tiklash zarur. Muammoni hal etish iqtisodiyotga moliyaviy mablag‘larni, shu jumladan, investitsiya ssudalari bo‘yicha qarzlarni uzaytirish va aylanma mablag‘lar sifatida ”tez pullar”ni ajratishni talab qiladi.

2. Aholi daromadlarining pasayishi, ishlab chiqarish zanjiridagi uzilishlar tufayli ichki talabning cheklanishi. Muammoning yechimi korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash, yangi ish o‘rinlari yaratish va tiklash, keyin esa aholi daromadlarining o‘sishi bilan bog‘lik hisoblanadi.

3. Karantin choralarini liberallashtirish va koronavirus infeksiyasining tarqalish darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardan odamlarning ko‘chib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tashqi chegaralarning yopilishi bilan koronavirus infeksiyasining aholi orasida tarqalishi xavfi. Muammoning yechimi ma'lum sanitariya-gigiyena me'yorlari va cheklovlarining saqlanishida (ayniqsa, ommaviy tadbirlar paytida, mamlakat tashqarisidan kirganda va hokazo) va bemorlarga zarur tibbiy yordamni kengaytirishda namoyon bo‘ladi. Koronavirusning sayyorada tarqalishining davom etishini hisobga olib, yagona usul - bu o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va samarali davolanishni o‘rganish hisoblanadi.

4. Budjet taqchilligining oshishi va tashqi davlat qarzining o‘sishi, makroiqtisodiy barqarorlik xavflarining namoyon bo‘lishi. Jahon ishlab chiqarishining keskin pasayishi va global iqtisodiy tiklanish istiqbollari to‘g‘risida noaniqlikning yuqori darajasi ko‘plab davlatlarni iqtisodiyotda aholini va yalpi talabni qo‘llab-quvvatlash uchun budjet xarajatlarini (shu jumladan, tashqi qarz mablag‘lari hisobiga) ko‘paytirishga majbur qilmoqda.

Tashqi qarzning o‘sishini oldini olish uchun asos yaratish, xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun sharoitni yaxshilash qisqa hamda uzoq istiqbolda inqirozdan keyingi tiklanish iqtisodiyot barqaror rivojlanishining asosiy shartlari hisoblanadi.

Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotni liberallashtirish (jumladan, energiya resurslari bozori) sohasida boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, raqobat muhitini rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlat sektorining ulushini kamaytirishni talab qiladi va o‘pta muddatli istiqbolda xorijiy investitsiyalarning barqaror o‘sishiga yordam beradi.

5. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida potensial investorlarning moliyaviy ahvoli yomonlashishi natijasida yuzaga keladigan investitsiyalarga, ayniqsa, tashqi sarmoyalarga cheklovlar. Hozirgi vaziyatda mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan teng investitsiya sharoitlarini yaratib, mahalliy sarmoyadorlar uchun rag‘batlantirish va investitsiya imkoniyatlarini kuchaytirishni talab qiladi.

6. Jahon moliyaviy inqirozi sababli tashqi talabning cheklanishi va o‘zbek mahsulotlarini import qiluvchi mamlakatlardagi inqiroz. Rossiya, MDH, mamlakatlari va Xitoydagi iqtisodiy pasayish O‘zbekistondan asosiy mahsulotlar: tabiiy gaz, meva-sabzavot, to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyoviy mahsulotlar, mineral o‘g‘itlar eksportining fizik hajmini kamayishi, shuningdek, asosiy eksport mahsulotlari: paxta va to‘qimachilik, tabiiy gaz, mis narxlarining pasayishi bilan bog‘liq.

Muammo eksport geografiyasini kengaytirishni jadallashtirish, Yevropa va Osiyo bozorlariga chiqish, shuningdek, eksport qiluvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirish, jumladan, davlat budjetidan transport harajatlarining bir qismini subsidiya qilish orqali bartaraf etiladi.

7. Bandlik muammosi, jumladan, mehnat migratsiyasi imkoniyatlarining qisqarishi hamda kambag‘allikning oshishi O‘zbekiston uchun katta tahdid hisoblanadi. Iqtisodiyotning oldida turgan hozirgi turli tahdid va muammoli vaziyatni inobatga olib, amaliy harakatlar rejasi hukumat, barcha vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining harakatlarini muvofiqlashtirish uchun:

1) koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot va aholi uchun salbiy oqibatlarini bartaraf etish (tiklash nuqtalari);

2) tizimli islohotlarni davom ettirish uchun sharoitlarni yaratish;

3) iqtisodiyot rivojiga qo‘shimcha turtki beradigan yangi imkoniyatlar va zaxiralarni aniqlash (“o‘sish nuqtalari”).

Amaliy harakatlar rejasini ikki bosqichda amalga oshirish taklif etiladi:

1-bosqich - 2020 yil oxiriga qadar - barqarorlashtirish va tiklangan o‘sish.  

2-bosqich - 2021 yildan boshlab 5,0-5,5 foiz barqaror iqtisodiy o‘sish sur'atlarini ta'minlaydigan, 2020-2021 yillar davomida koronavirus pandemiyasining oqibatlarini moslashtirish bilan tizimli islohotlarni davom ettirishga qaratilgan choralar.

Shu bilan birga, tashqi ta'sirning davomiyligi va pandemiyaning iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari va sektorlariga (turizm, transport, eksport) ta'sirini hisobga olgan holda, ularning inqirozgacha bo‘lgan tendensiyalariga chiqish 2021 yildan o‘tishi mumkin.

Top