14:03 / 02.09.2020
5217
Jizzaxda yuz bergan YTH oqibatida mototsikl yo‘lovchisi vafot etdi

YTH yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 2 sentabr kuni soat 05:10larda, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hududidan o‘tuvchi, “Oqtosh-Obolum-Gulchambar” avtomobil yo‘lining 48-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, me'yoriy hujjatlari bo‘lmagan haydovchi, 1962 yilda tug‘ilgan B.M. davlat raqam belgisi bo‘lmagan “IJ” rusumli mototsiklni "Gulchambar-Juma" yo‘nalishida boshqarib ketayotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1981 yilda tug‘ilgan G‘.M. boshqaruvidagi “Spark” rusumli transport vositasi bilan to‘qnashgan.

Natijada, “IJ” rusumli mototsikl yo‘lovchisi, 52 yoshli J.M. og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan G‘allaorol tumani IIB TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga rioya qilishlarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Top