19:24 / 02.09.2020
46876
Mobil qurilmalarning IMEI kodlari bilan bog‘liq shubhali holatlar kuzatilmoqda. Vazirlik bayonot berdi

Uchinchi shaxslarning pasport ma'lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarini aniqlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda chet eldan kelgan fuqarolar pasport ma'lumotlari o‘g‘irlanib, boshqa telefonlarga uzimei'dan ro‘yxatdan o‘tkazilayotgani haqida shikoyatlar ko‘paymoqda. Kun.uz saytiga ham o‘nlab ana shunday mazmundagi murojaatlar kelib tushdi.

Murojaatlarda aytilishicha, fuqarolar chet eldan olib kelgan telefon yoki boshqa mobil qurilma (planshet, aqlli soat va boshq.)larini ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti. Bunga sabab esa allaqachon ularning pasportiga boshqa telefon ro‘yxatga olingan bo‘lib chiqmoqda. Kamiga bu kabi muammoga duch kelgan fuqarolarning shikoyatlarini ko‘rib chiqishni biror idora bo‘yniga olmayotgani aytilmoqda.

Kun.uz mazkur masala yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan bog‘landi.

Vazirlik taqdim etgan izohda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» qarori va 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli «O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash» to‘g‘risidagi qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan.

Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy va yuridik shaxslar uchun tegishli tartib va talablar belgilangan bo‘lib, unga asosan jismoniy shaxslar uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni onlayn (veb-sayt, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali), masofaviy (SMS/USSD-so‘rovlar) yoki ro‘yxatdan o‘tkazish puntklariga shaxsan murojaat etish orqali amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan.

Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pasport ma'lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishi talab qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq o‘rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma'lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi  Davlat chegarasini kesib o‘tgani to‘g‘risidagi ma'lumotlar tekshiriladi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun Tizim operatori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq, ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida foydalanuvchi bilan shaxs o‘rtasida kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma'lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma'lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda.

Uchinchi shaxslarning pasport ma'lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazilish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida, Tizim operatori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Bugungi kunda tergov surishturuv ishlari olib borilmoqda. Tergov surishtiruv ishlari natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot beriladi, deyiladi vazirlik izohida.

Top