21:58 / 02.09.2020
6403
Ukraina MDHning uchta kelishuvidan chiqishga qaror qildi 

Ukraina hukumati Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining uchta kelishuvidan chiqishga qaror qildi. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal hukumat yig‘ilishida ma'lum qildi. 

Foto: Reuters

Gap veterinariya, MDHga a'zo davlatlar hududlarining sanitar qo‘riqlanishi va o‘simliklar karantini bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish haqidagi kelishuvlar haqida bormoqda.

Kiyevda ushbu kelishuvlarda MDH doirasida ishtirok etish maqsadga muvofiqmasligi haqidagi xulosaga kelingan, chunki tashkilotga a'zo davlatlar orasida hayvonlar va hayvonlardan olinadigan mahsulotlarning uzluksiz eksporti va importi bo‘yicha ikki tomonlama sertifikatlar amal qiladi. Ukraina, shuningdek, bu masalada Yevropa ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytiradi.  

Avgust boshida Ukraina MDHning chegara qo‘shinlari hamkorligi haqidagi kelishuvidan chiqib ketgandi. Ushbu qaror Kiyev MDH chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari kengashida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgani va chegara hamkorligi sohasidagi bir qator kelishuvlarni ratifikatsiya qilmagani sababli qabul qilingan.

Ukraina 2019 yil yanvarda ham Hamdo‘stlik doirasidagi uchta kelishuv – iqtisodiy axborot almashish, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida axborot almashish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida hamkorlik haqidagi kelishuvlardan chiqib ketgan.

Top