23:09 / 03.09.2020
31564

Dunyodagi vaziyat: AQSh «saylovoldi» emlashga tayyorlanmoqda, britaniyalik bolalarda yangicha alomatlar

AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi 50 shtatga aholining bir qismini emlashni 1 noyabrdanoq - prezidentlik saylovidan ikki kun qolganida boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Fransiya iqtisodiyotni «ko‘kalamzorlashtirish» va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun yirik moliyaviy paket haqida e'lon qildi. Britaniya hukumati test qilishdagi muammolar tufayli tanqidga uchramoqda.

Payshanba kuni holatiga ko‘ra dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 26 milliondan oshgan. Shu vaqtgacha 863 mingdan ortiq kishi Covid-19 qurboniga aylandi.

AQShda «saylovoldi» vaksinatsiyasi
AQShdagi 50 shtat 1 noyabrdan aholining bir qismini Covid-19ga qarshi emlashga tayyorlanish bo‘yicha ko‘rsatma oldi. Epidemiologlar hozircha birorta vaksina sinovi barcha bosqichlardan o‘tib bo‘lmagani hisobga olgan holda, ushbu rejani siyosiylashgan deb atashmoqda. 3 noyabr kuni AQShda prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

27 avgust kuni shtatlarning mahalliy sog‘liqni saqlash organlari AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi federal agentligi - Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazidan maxsus noma olgan. New York Times nashrining yozishicha, maktub uch hujjatni o‘z ichiga olgan bo‘lib, mualliflar nomi keltirilmagan ikkita vaksinani tarqatish ssenariysini bayon etishgan va mahalliy amaldorlardan emlash jarayoniga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan qog‘ozbozlik ishlarini bartaraf etishni so‘rashgan.

Maktub mualliflari birinchi navbatda tibbiy muassasalar xodimlari, milliy xavfsizlik bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek 65 yoshdan yuqori bo‘lgan xavf guruhiga mansub kishilar hamda qariyalar uylari xizmatchilari emlanishi zarurligini qayd etishgan.

Ayni vaqtda dunyoda ishlab chiqilayotgan vaksinalarning ko‘p qismi so‘nggi sinov bosqichida turibdi. AQShning bosh epidemiologi Entoni Fauchi sinovning ma'lum bosqichida natijalarning aksar qismi ijobiy bo‘lsa, emlash jarayonini sinovlarni to‘liq yakunlamasdan boshlash mumkinligini ham istisno etmagandi. Ammo boshqa mutaxassislar bu reja siyosiy maqsadda amalga oshirilayotgani va aholi uchun xavfsiz emasligidan xavotir bildirishmoqda.

Fransiya 160 mingta yangi ish o‘rni tashkil qilmoqchi

Fransiya bosh vaziri saxiy iqtisodiy paket haqida e'lon qildi / EPA

Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks 2021 yilda «iqtisodiyotni qayta ishga tushirish» uchun 100 mlrd yevro yo‘naltirilishi rejasi haqida e'lon qildi. Bu dasturdan asosiy maqsad «kelajak sohalari»ga sarmoya kiritish va 160 mingta yangi ish o‘rni yaratish hisoblanadi.

Bu mablag‘larning qariyb uchdan bir qismi atrof-muhitga karbonat angidrid ko‘p chiqaradigan sohalarni qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazishga, yana uchdan bir qismi yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etishga sarflanishi mo‘ljallangan. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes hamda sog‘liqni saqlash tizimi, elektronika va 5G kabi sohalardagi yuqori texnologiyali loyihalar ham davlatdan ko‘mak oladi.

Bu Fransiya uchun iqtisodiyotga kiritilayotgan bemisl sarmoyadir, bu mamlakat yillik budjetining uchdan bir qismini tashkil etadi. Bu mablag‘larning yarmi iyul oyida Yevropa Ittifoqida qabul qilingan 750 milliard yevrolik iqtisodiy qutqarish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Britaniyaliklar koronavirusga test topshirish uchun 150 km yo‘l bosmoqda

Britaniyaning ayrim hududlarida koronavirusga test keng miqyosda olinmoqda, ayrim hududlarda esa umuman test yo‘q
REUTERS

Britaniyada koronavirusga test olish dasturi yana tanqidga uchramoqda. Hukumat kasallik keng tarqalgan hududlarga test to‘plamlarining asosiy qismini yo‘naltirgan. Ammo bu tufayli boshqa hududlarda jiddiy taqchillik kuzatilmoqda, kompyuter tizimi esa odamlarga test topshirish uchun 150 kilometrgacha masofa bosib o‘tish takliflarini bermoqda.

Epidemiologlar bunday strategiya bilan hukumat yangi kasallik o‘choqlari paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lishidan xavfsirashmoqda. O‘z navbatida, rasmiylar tupuk orqali test olish tizimini yo‘lga qo‘yishga 500 mln funt sarflangani, bu boradagi tadqiqotlar natijalari tez orada ma'lum bo‘lishini bildirgan. Bunday yangi tizimda test natijalari 20 daqiqada chiqadi. Ayni vaqtda Britaniyada o‘tkazilayotgan testlarning atigi 20 foizining natijasi bir kun ichida aniq bo‘lmoqda.

Koronavirus siyosatidagi tanqidga uchrayotgan yana bir jihat - qariyalar uylari bilan bog‘liqdir. Bunday muassasalardagi kishilarning qarindoshlari sud orqali hukumatning ushbu muassasalarga tashrif buyurish bo‘yicha ko‘rsatmalarini o‘zgartirishga erishmoqchi.

Buyuk Britaniyada qariyalar uylariga mart oyidan buyon qarindoshlar qo‘yilmayapti. Mamlakatda epidemiya avjiga chiqqan davrda Covid-19 qurbonlarining uchdan bir qismi qariyalar uylariga to‘g‘ri kelgan.

«Skala» koronavirusga chalingani haqida aytib berdi

«Skala» laqabi bilan mashhur amerikalik aktyor Dueyn Jonson instagramdagi sahifasida u va oilasi Covid-19ni qanday boshdan kechirgani haqida aytib berdi.

«Sizga aytishim mumkinki, bu bizning oilamiz boshdan kechirgan eng og‘ir dard bo‘ldi. Covid-19 testining musbat natijasi boshqa jiddiy jarohatlar yoki uydan haydalishdan yoki sariq chaqasiz qolishdan keskin farq qiladi. Bularning barchasi menda bir necha martadan sodir bo‘lgan», degan u videomurojaatida.

«Forsaj» filmi seriyalaridagi roli orqali tanilgan Jonson u, rafiqasi va 2 hamda 4 yoshli qizlari ikki yarim hafta muqaddam yaqin qarindoshlaridan virus yuqtirib olishganini, hozirga kelib esa tuzalishganini ma'lum qilgan.

Instagramdagi postida Jonson o‘z obunachilaridan ijtimoiy masofa saqlashga rioya qilishni, immunitetni mustahkamlashni, niqob taqib yurishni, xushchaqchaq kayfiyatni yo‘qotmaslikni va atrofdagilar to‘g‘risida qayg‘urishni so‘ragan.

Bolalarda ich ketishi va qusish koronavirus simptomlari bo‘lishi mumkin

Universitet tadqiqotlarida 1000 nafar bola qatnashgan / QUEENS UNIVERSITY BELFAST

Belfastdagi Kvins universiteti olimlari bolalardagi koronavirus alomatlariga diareya, qusish va qorin og‘rig‘ini ham qo‘shishni taklif etishmoqda.

Hozirda Britaniyada Covid-19 ning rasmiy alomatlari ro‘yxatida yuqori harorat, yo‘tal, hid sezish va ta'm bilish yo‘qolishi kabilar keltirilgan. AQShda diareya va qusish koronavirusdan zararlanish simptomlaridan bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilingan.

Universitet tadqiqotlarida 1000 bola ishtirok etgan, shundan 68 nafarida Covid-19ga qarshi antitana hosil bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, bu 68 bola yaqinda koronavirusdan tuzalgan. Shundan 21 bola ma'lum vaqt tana harorati yuqori bo‘lgani, juda ko‘pchiligi yo‘talgani (yo‘tal haqida gapirganlarning aksarida antitana yo‘q) va 13 nafari ich ketishi, qusish va qorindagi og‘riq haqida gapirgan. Shu bilan birga, antitanalar hosil bo‘lgan 68 nafar boladan faqat 6 nafarida hid sezish va ta'm bilish yo‘qolgani qayd etilgan.

Homilador ayolning hibs qilinishi mojaro keltirib chiqardi

Avstraliyada homilador ayol hibsga olingani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Feysbukda jonli efirda translatsiya qilingan kadrlar ikki milliondan ortiq marta ko‘rilgan, unda niqobdagi politsiyachilar ayolning uyiga kirishadi va uni Viktoriyadagi qat'iy karantinga qarshi namoyishga chiqishga da'vat qilgani uchun hibsga olishlarini aytishdi. Ayol esa jarayonni feysbukdagi sahifasi orqali namoyish etadi.

Iyul oyi o‘rtalarida koronavirus avj olgani tufayli Melburn shtati poytaxtida aholidan uydan chiqmaslik so‘ralgan, ko‘plab korxonalar yopilgan, ommaviy marosimlar taqiqlangandi.

Videoda pijama kiygan holda ko‘ringan ayol uyda bolalari borligi, bir soatdan keyin UZI tekshiruvidan o‘tishi kerakligi va qandaydir yomon ish qilmaganini aytadi.

Huquq faollari va muxolifatchi siyosatchilar politsiyachilarning xatti-harakatlarini qoralab chiqishdi. «Ijtimoiy tarmoqdagi xabar uchun yoki tinch namoyish tashkilochiligi uchun oldindan hibsga olish faqat avtoritar rejim hukmron bo‘lgan davlatlarda kuzatiladi, Avstraliya kabi demokratik davlatga bunday ish bo‘lmasligi kerak», degan Human Righs Watch tashkiloti vakili Eleyn Pirson.

Ammo Avstraliya hukumati politsiyachilar tomonda. «Hozir qanday sabab bilan bo‘lmasin, namoyishlar o‘tkazish vaqti emas. Bu hozirda xavfli», degan bosh vazir Deniel Endryus.

Viktoriya shtatida joriy etilgan qat'iy choralar lokdaunni buzganlik uchun 1,3 ming dollar miqdorida jarimaga tortishni ham nazarda tutadi. Lokdaun joriy etilishi evaziga, so‘nggi haftada Avstraliyada kunlik o‘sish holatlari soni 700dan 100tagacha tushgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top