08:41 / 03.09.2020
2449

Iqtisodiy operatorlarning faoliyat yuritish tartibi o‘zgartirildi

Vazirlar Mahkamasi 24.08.2020 yildagi «Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 500-son qarorni qabul qildi.

Hujjat Vazirlar Mahkamasining 29.04.2019 yildagi «Vakolatli iqtisodiy operator institutini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 363-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.
 
Norma’ning yozishicha, tasdiqlangan Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizomga muvofiq 29.04.2019 yildagi 363-son VMQning 2-bandi va unga ilova o‘z kuchini yo‘qotadi.
 
Nizomda belgilanishicha, vakolatli iqtisodiy operator – bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish uchun ushbu Nizom talablariga javob beruvchi yuridik shaxslarga beriladigan maqom.
 
Operator Vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritilgan vaqtdan boshlab xavf darajasi past bo‘lgan toifaga kiradi.
 
Davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari operator bo‘la olmaydi.
 
Vakolatli iqtisodiy operatorlarga beriladigan guvohnoma uch turga bo‘linib, bojxona operatsiyalarini amalga oshirish uchun maxsus soddalashtirishlardan foydalanish huquqini beradi.
 
Chunonchi, birinchi turdagi guvohnoma quyidagi huquqlarni beradi:

  • tovarlarni deklaratsiyalash va chiqarish bilan bog‘liq bojxona operatsiyalarini birinchi navbatda amalga oshirish;
  • operator tomonidan tashiladigan tovarlarga nisbatan tovarni tashish yo‘nalishini belgilamaslik;
  • bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta'minlanmagan holda, tovarlarni operatorning transport vositasida jo‘natuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan joygacha bojxona tranzitini amalga oshirish yo‘li bilan yetkazib berish;
  • eksportga jo‘natiladigan operatorning tovarlari yuklangan transport vositalarining yuk xonalari (otseklari) yoki ularning bir qismiga operator tomonidan qo‘yilgan plombalarni bojxona xizmati organlari tomonidan identifikatsiya vositalari sifatida tan olinishi;
  • bojxona xizmati organlari tomonidan vaqtni qisqartirish va bojxona operatsiyalarini o‘tkazish tartibini optimallashtirishga qaratilgan tajriba loyihalarida ustuvor ishtirok etish;
  • bojxona to‘lovlari to‘lanishini 50 foizga ta'minlagan holda, bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash va (yoki) muddatini 20 ish kunigacha kechiktirgan holda operatorning tovarlarini erkin muomalaga chiqarish.

Nizomda ikkinchi va uchinchi turdagi guvohnomalarning sohiblari haqli bo‘lgan maxsus soddalashtirishlarning turlari ham sanab o‘tilgan.
 
Guvohnoma yuridik shaxs reyestrga kiritilgan kundan boshlab kuchga kiradi. Guvohnomani boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
 
Nizomda quyidagilar ham qayd etilgan:

  • reyestrni shakllantirish qoidalari, unga kiritish uchun tanlash mezonlari;
  • reyestrga kiritish to‘g‘risida ariza berish va uni ko‘rib chiqish tartibi;
  • bojxona operatsiyalarini amalga oshirish uchun maxsus soddalashtirishlar turlari;
  • operator maqomini to‘xtatib turish va qayta tiklash;
  • operatorlarni reyestrdan chiqarish tartibi;
  • operatorning huquq va majburiyatlari;
  • operator faoliyatini nazorat qilish qoidalari;
  • davlat bojxona xizmati organlarining operatorlar bilan o‘zaro hamkorligi.

Davlat bojxona qo‘mitasiga ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda vakolatli iqtisodiy operatorlar institutini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga doimiy ravishda takliflar kiritib borish vazifasi topshirildi.
 
Hujjat 26.11.2020 yildan kuchga kiradi.

Mavzuga oid
Top