08:18 / 03.09.2020
27124

Maktabgacha ta'lim vazirligi yirik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan bog‘chalar ro‘yxatini e'lon qildi

Maktabgacha ta'lim vazirligining Ichki audit xizmati tomonidan 2019 yil va 2020 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga qonuniy chora ko‘rish uchun 904 ta tekshirish hujjatlari yuborildi

Vazirlik xabariga ko‘ra, Hisob palatasi hamkorligida boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislari jalb qilingan holda budjet mablag‘larining samarali ishlatilishi yuzasidan chuqur tahliliy o‘rganishlar o‘tkazildi. Hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 48,3 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.

“MTV tashkil etilgan ilk kunidanoq tizimdagi korrupsiya va suiiste'molliklar bilan kurashib kelmoqda. Ichki audit xizmati tomonidan aniqlangan qonunbuzarliklar to‘g‘risida axborot muntazam ravishda e'lon qilinib kelinmoqda. O‘tgan yili MTV 680ta tashkilotlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etgan bo‘lsa, joriy yilda bu son 224tani tashkil etgan. Ushbu hujjatlar asosida prokuratura tomonidan bir qator jinoiy va ma'muriy ishlar qo‘zg‘atildi, vazirlik esa moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mudira va hisobchilarni ishdan bo‘shatdi. Shu tariqa, aybdor deb topilgan shaxslardan budjet hisobiga 2019 yilda 9,5 mlrd. so‘m, 2020 yilning birinchi yarmida esa 4,1 mlrd. so‘m undirib olindi”, - deb ma'lumot berdi MTVning Ichki audit xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.

2019 yilda vazirlikning Ichki audit xizmati 31,5 mlrd. so‘m moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqladi, shundan:

  • Kamomad va noqonuniy xarajatlar— 19,3 mlrd. so‘m;
  • Davlat xaridlari yo‘nalishidagi qonunbuzarliklar — 7,1 mlrd. so‘m;
  • Boshqa turdagi moliyaviy kamchiliklar— 5,2 mlrd. so‘m.

“Kamomad va korrupsiya holatlarini aniqlanganda MTV mas'ul javobgar shaxslarni ishdan bo‘shatib, aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuboradi. Ammo ushbu shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar tarqatib, jamoat fikrini manipulyatsiya qilishgacha bormoqdalar. Ba'zi blogerlar va huquq himoyachilari ularga ishonib, mudiralarning “noqonuniy” ishdan bo‘shatilganliklari haqidagi ma'lumotlarni yozmoqdalar. Masalan, yaqinda Andijon viloyatidagi mudiralarning “noqonuniy” ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabarlar tarqatilgandi. Ushbu xabarlarda mudiralar “qiyin ahvolda yurganliklari”, “o‘ta og‘ir ruhiy siqilishlarga duch kelganlari” qayd etilgan. Ularning talqinida go‘yoki noqonuniy tarzda ishdan bo‘shatilganlar orasida Qo‘rg‘ontepa tumanining №2 MTM mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 39,9 mln. so‘m), Andijon shahridagi №25 MTM mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 32,7 mln so‘m) bor. Prokuratura ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan, ammo mudiralarning o‘z aybini tan olganligi va yetkazilgan zararni bartaraf etganligi sababli jinoyat ishi tugatilgan. Bu kabi sobiq mudiralar astoydil MTTlarga qaytishga harakat qilmoqdalar, ammo MTV tashabbusi bilan qonunbuzarlarning maktabgacha ta'lim tizimiga rahbar lavozimiga qayta olinmasligi qonun bilan chegaralangan”, - deb ta'kidladi Ichki audit xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.

2019 yil va 2020 yilning birinchi yarmida aniqlangan yirik moliyaviy qonunbuzarliklar:

  • 900 mln. so‘m — Kattako‘rg‘on shahrining №10-son maxsus MTMdagi noqonuniy xarajatlar (Samarqand viloyati);
  • 301 mln. so‘m — Olmozor tumanining №509–son MTTdagi moliyaviy qonunbuzarliklar (Toshkent sh);
  • 202 mln. so‘m — Peshku tumanining №22-son MTTdagi kamomad va oylik ish haqi to‘lov qaydnomalarining qalbakilashtirilishi (Buxoro viloyati);
  • 150 mln. so‘m — Mirishkor tumanining №8-son MTTdagi oziq-ovqat va moddiy boyliklarning kamomadi, “o‘lik jonlar” va to‘lov qaydnomasidagi imzolarning qalbakilashtirilishi (Qashqadaryo viloyati);
  • 101 mln. so‘m— Guliston tumanining №11-son MTTdagi ish haqi to‘lovlarning ortiqcha sarflanishi (Sirdaryo viloyati).
Top