08:02 / 03.09.2020
1819
O‘zbekiston Global innovatsion indeksda 30 pog‘onaga ko‘tarildi

2020 yilda respublika 131dan ortiq mamlakat ichida 93-o‘rinni egalladi.

Joriy yilning 2 sentabr kuni Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va Kornell universiteti tomonidan Global innovatsion indeks reytingining navbatdagi soni e'lon qilindi

Innovatsion rivojlanish vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng yana qayta Global innovatsion indeksi reytingida ro‘yxatga kiritilgan. 

O‘zbekiston so‘nggi marotaba 2015 yil ushbu xalqaro reytingda 140 dan ortiq davlatlar ichida 122-o‘rinni egallagan. 2020 yilda respublika 131 dan ortiq dunyo mamlakatlari ichida 93-o‘rinni egalladi.

2020 yilda 80ta ko‘rsatkichlardan iborat bo‘lgan Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida Institutsional rivojlanish (Institutions), Inson kapitali va ilmiy tadqiqot faoliyati (Human capital & research), Infratuzilma (Infrastructure), Bilim va texnologiyalar natijadorligi (Knowledge & technology outputs) va Ijodiy natijadorlik (Creative outputs) kabi yo‘nalishlardagi indikatorlarda ijobiy natijalarga erishgani aytiladi.

Global innovatsion indeks reytingda yetakchilik qilayotgan davlatlar, respublikaga qo‘shni bo‘lgan va boshqa ayrim iqtisodiyotlarning ham 2020 yildagi erishgan natijalari keltirilgan. Shveytsariya - 1-o‘rin, Rossiya - 47-o‘rin, Qozog‘iston - 77-o‘rin, Qirg‘iziston - 94-o‘rin, Tojikiston - 109-o‘rin.

– 2020 yil O‘zbekiston Global innovatsion indeksiga qaytdi, – deb sharh berdi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Mana shu qaytishning o‘zi yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasidir. O‘zbekistonning 93-o‘rinda bo‘lishi hozirgi paytda ilm-fanga berilayotgan e'tibor, innovatsion rivojlanishiga qaratilgan resurslarning samarasidir. Oxirgi yillarda ilm-fanga kiritilgan investitsiyalar, normativ-huquqiy hujjatlar bazasining shakllantirilishi, eng muhimi, olimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va ijod erkinligi Global innovatsion indeksdagi o‘rnimizni belgiladi. Buni kelajakda ilm-fan va innovatsiyalarga investitsiyalarni jalb qilish uchun bir qadam deb hisoblash mumkin.

Global innovatsion indeks 15ta xalqaro indeks, 4ta Jahon iqtisodiyot forumi (World Economic Forum) tomonidan olib boriladigan so‘rovnomalar va 61ta ko‘rsatkichlarga tegishli miqdoriy statistik ma'lumotlardan tashkil topgan. 

Top