12:41 / 03.09.2020
6669

Tojikiston hukmron partiyasi Imomali Rahmonni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatdi

Amaldagi prezident avvalroq Tojikiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Respublika Yoshlar ittifoqi tomonidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi.

Foto: Sputnik

Bugun Dushanbedagi «Koxi Borbad» davlat kinokonsert zalida Tojikiston Xalq demokratik partiyasining navbatdan tashqari qurultoyi bo‘lib o‘tdi, unda delegatlar bir ovozdan respublika prezidentligiga Imomali Rahmon nomzodini ko‘rsatdilar. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.

Qayd etilishicha, qurultoy ishida Tojikistonning barcha viloyat va shaharlaridan kelgan 1 mingdan ortiq delegatlar qatnashdi. Qurultoy ishida XDP yetakchisi Imomali Rahmonning o‘zi ishtirok etmadi. Qurultoy ishi davomida u bugun o‘zining 25 yilligini nishonlayotgan Tojikiston Milliy gvardiyasida bo‘lgan.

Avvalroq, respublikaning amaldagi prezidenti yana bir marta Tojikiston Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi va respublika Yoshlar ittifoqi tomonidan davlat rahbari lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilgandi.

Mamlakatning yettita siyosiy partiyasidan beshtasi o‘z nomzodi borasida bir qarorga kelib bo‘ldi:

  • partiya yetakchisi Rustam Latifzoda Agrar partiyadan nomzod sifatida ko‘rsatildi;
  • Sotsialistik partiya o‘z raisi Abduhalim G‘afforov nomzodini ko‘rsatdi;
  • Shuningdek, Tojikiston Demokratik partiyasi o‘z rahbari Saidja'far Usmonzodani nomzod qilib ko‘rsatdi;
  • Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasi ham o‘z rahbari Rustam Rahmatzoda (Qudratov)ni nomzod sifatida ko‘rsatdi.

5 sentabr kuni mamlakat Kommunistik partiyasi saylovoldi qurultoyida o‘z nomzodini taqdim etadi.

Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi prezident saylovlarini boykot qilishga qaror qildi.

Tojikistonda prezidentlik saylovlari 11 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. 

Top