23:30 / 03.09.2020
11306
Uzbekistan Airways 2020 yilning birinchi yarmida 767,7 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining 2020 yil birinchi yarmidagi tushumi 1,7 trln so‘mni tashkil qildi. Kompaniya birinchi yarim yillik natijalariga ko‘ra, 767,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Foto: KUN.UZ

Avesta Investment Group’da ta'kidlanishicha, pandemiya kompaniyaga kuchli ta'sir qilgan. Olingan tushumdan bor-yo‘g‘i 18 foizi pandemiya avj olgan 2-chorakka to‘g‘ri kelgan.

Aviakompaniyaning zarari 767,7 mlrd so‘m yoki tushumdan 43,3 foizni tashkil qilgan. Shu bilan birga, kompaniyaning umumiy aktivlari 1,4 foizga o‘sib, 17,5 trln so‘mni, shaxsiy kapitali esa 2,9 foizga o‘sib, 5,79 trln so‘mni tashkil qilgan.

Korporativ axborot yagona portalida 2019 yilning birinchi yarmiga nisbatan taqqoslash o‘tkazish uchun kompaniyaning o‘sha davr bo‘yicha hisoboti berilmagan. Kompaniya portalda 2019 yil 3-choragi hamda 2020 yilning 1-choragi bo‘yicha hisobot joylashtirgan. 

2020 yilning 1-choragi (yanvar-mart oylari) bo‘yicha Uzbekistan Airways’ning tushumi 1,44 trln so‘mni, ko‘rgan zarari 299,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

May oyi oxirida pandemiya ta'sirini yumshatish maqsadida karantindan eng ko‘p jabr ko‘rgan kompaniyalar Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airpors’ga 122 mln dollarlik kreditlar bo‘yicha to‘lov muddatlarini kechiktirish va 60 mlrd so‘mdan ko‘proq soliq imtiyozlari berilgan. 

Bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tomonidan ushbu kompaniyalarga 50 mln dollar miqdorida foizsiz ssuda berilgan.

Top