00:14 / 04.09.2020
7473
Amerikalik fokuschi katta pufaklarda 7,5 km balandlikka ko‘tarildi

Amerikalik taniqli fokuschi Devid Bleyn o‘z faoliyatidagi eng murakkab tryuklardan birini bajardi. U katta pufaklar boylamida cho‘l ustidan bir soat davomida uchib o‘tgan va bunda 7,5 km balandlikka ko‘tarila olgan.

Videodan kadr

U parvoz vaqtida go‘yoki boylamni hech qanday zo‘riqishsiz ushlab uchayotgandek tasavvur hosil qilgan. Aslida esa uning vazni va yuklanma uning tanasiga mahkamlangan maxsus ehtiyot moslamasiga tushgan.

Tryuk videosi Bleynning Youtube-kanalida e'lon qilingan.

Fokuschi Arizonadagi cho‘l ustidan uchib o‘tish vaqtida 7,5 km balandlikka ko‘tarilgan va so‘ngra yerga parashyutda tushgan. Bleyn havoga ko‘tarilish vaqtida parashyutsiz bo‘lgan. Parashyut pufaklardan birining ichida bo‘lgan. Fokuschi uni 3 ming metr balandlikda taqib olgan.

Dastlab Bleyn 5480 metrga ko‘tarilishni rejalashtirilgan, ammo natijada u 2 km balandroqqa ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan. Havo siyrak bo‘lgan balandlikka chiqqanda Bleyn kislorod ballonchalaridan foydalangan. 

Parvoz dastlab 31 avgustga belgilangan, biroq yomon ob-havo sababli ikki marta qoldirilgan va parvoz joyi Nyu-Yorkdan Arizonaga o‘zgartirilgan.

47 yoshli fokuschi osmonga ko‘tarilish uchun geliy bilan to‘ldirilgan 50 ta turli o‘lchamdagi pufakdan foydalangan. 

Bleyn ushbu tryukini faoliyatidagi “eng murakkabi” deb atagan va uni 9 yoshli qiziga bag‘ishlagan. Fokuschi parvozni bajarishdan oldin jiddiy tayyorgarlikdan o‘tgan: u parashyutda 500 ta sakrashni amalga oshirib, professional parashyutchi maqomini olgan. U, shuningdek, havo sharini boshqarishga litsenziya va geliy bilan to‘ldirilgan sharlarda parvozga ruxsat olishiga to‘g‘ri kelgan.

Bleyn 2008 yilda suv ostida nafasni ushlash bo‘yicha rekordni yangilab olamshumul mashhurlikka erishgan. Uning natijasi 17 daqiqa 4 soniyani tashkil qilgan. Umuman olganda, u odamlarni o‘z mahorati bilan 1999 yildan boshlab ajablantirib keladi. Fokuschi 2003 yilda Temza daryosi ustida 10 metr balandlikda joylangan shaffof kamera ichida yeguliksiz 44 kun o‘tkazgan. 2002 yilda esa 22 metrlik ustun uchida yegulik va suvsiz 35 soat o‘tirgan, 1999 yilda Nyu-Yorkda muz kamerada 61 soat 40 daqiqa o‘tkazgan.

Top