07:43 / 04.09.2020
3632
Gretsiya va Turkiya O‘rta yer dengizidagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi
Foto: AP Photo

Gretsiya va Turkiya hukumatlari O‘rta yer dengizidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ma'lum qildi.

“Ittifoqdosh davlatlar harbiy ixtilof oldini olish va O‘rta yer dengizining sharqida qurolli mojaro yuz berishi xavfini kamaytirish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha NATO doirasida texnik muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ldi”, deb ma'lum qilgan Stoltenberg.

26 avgustda Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis mamlakati Ion dengizida o‘zining suv hududlarini g‘arb tomon kengaytirishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgan. 29 avgustda esa Turkiya Gretsiya tomonidan suv hududlarining 12 dengiz miligacha kengaytirilishi harbiy ixtilofga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Anqara Gretsiya va Kipr o‘z iqtisodiy hududi deb hisoblaydigan dengiz shelfida vaqti-vaqti bilan geologik qidiruv ishlari olib boradi. 2019 yilda Turkiya Liviya hukumati bilan dengiz hududlarini chegaralash bo‘yicha kelishuvni imzolagan. Bu kelishuv Gretsiya va Yevropa ittifoqining boshqa davlatlari tomonidan tanqid qilingan.

Top