00:58 / 04.09.2020
10369

Jyeff Bezosning sobiq rafiqasi dunyoning eng boy ayoliga aylandi

Foto: Danny Moloshok/Reuters

Amazon asoschisi Jyeff Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Skott dunyoning eng boy ayoliga aylandi. Bundan Bloomberg Billionaires Index reytingi darak bermoqda.

Makkenzi Skott milliarderlar umumiy reytingida 12-o‘rinni egallagan. Uning boyligi qisqa vaqt ichida 630 mln dollarga ko‘paygan va 68 mlrd dollarga yetgan. Ro‘yxatda esa 207 mlrd dollarlik kapital bilan Jyeff Bezos yetakchilik qilmoqda. 

Bungacha dunyoning eng boy ayoli nomi L'Oréal kompaniyasi egasi Fransuaza Betankur-Mayyerga tegishli bo‘lgan. U ayni vaqtda 66,8 mlrd dollar boylik bilan reytingning 13-o‘rnidan joy olgan. 

Eng boy ayollar yetakchi uchligidan Walmart korporatsiyasi asoschisi qizi Elis Uolton ham joy olgan. Uning boyligi 63,6 mlrd dollarga baholangan. Elis Uolton umumiy reytingda 16-o‘rinni egallamoqda.

Bezos va Skott 25 yillik birgalikdagi turmushdan keyin 2019 yil iyulida ajrashgan edi. Makkenzi Skott sobiq turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan aksiyalarning chorak qismini (Amazon umumiy aksiyalarining 4 foizi) olgan. O‘shanda ushbu aksiyalar 36 mlrd dollarga baholangan, biroq bir yil ichida ularning qiymati 2 barobar oshgan.

Jyeff Bezos o‘tgan hafta boyligi 200 mlrd dollardan oshgan tarixdagi birinchi insonga aylandi. Hozirda Bloomberg uning boyligini 207 mlrd dollarga baholamoqda. Tahlilchilarning prognoziga ko‘ra, Amazon asoschisi tarixdagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top