12:18 / 04.09.2020
2751
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda koronavirus infeksiyasi holatlari nisbatan kam qayd etilgan – shtab a'zosi

O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqni koronavirus infeksiyasiga tekshiruvi tug‘ilgandan so‘ng 12-24 soat o‘tgach amalga oshiriladi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova AOKAda o‘tkazilgan brifingda shu haqdagi savolga javob berdi.

«Natijalarni tasdiqlash uchun takroriy test 24 soatdan keyin amalga oshiriladi. Tekshiruv uchun biomaterial sifatida burun-halqum yoki og‘iz-halqumdan surtma olinadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda koronavirus infeksiyasi holatlari nisbatan kam qayd etilgan, barcha holatlar yengil shaklda kechgan», dedi u.

Uning ta'kidlashicha, tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bolalar va o‘smirlar ushbu virusni yuqtirib olish ehtimoli xuddi kattalarniki bilan o‘xshash. 

«Shuning uchun ular, kattalar singari, bir xil barcha sanitariya gigiyena va xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari (qo‘llarini yuvish, niqob kiyish, gavjum joylarga tashrif buyurmaslik, ijtimoiy masofani saqlash) kerak», dedi shtab a'zosi.

Bundan tashqari, koronavirus kasalligi bolalarda ko‘pincha klinik simptomsiz yoki yengil kechishi va ular kasallik tarqatuvchiga aylanishlari mumkinligi haqidagi savolga ham javob qaytarildi.

«Bolalarda kasallik keltirib chiqaradigan Covid-19 kasalligi ko‘pchilik holatlarda yengil yoki klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechsa ham, ular ushbu virusning asosiy tarqatuvchilaridan biri bo‘lishlari va ular o‘z oilalaridagi kattalarga, ayniqsa xavf ostidagi guruhlardagi qarindoshlariga yuqtirishi va aholi o‘rtasida kasallikni ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘pgina davlatlar olimlari izlanishlari natijalariga ko‘ra, koronavirus simptomlari bor bolalar organizmlarida virus 20 kun davomida, simptomsiz kechadigan bolalarda esa 14 kun davomida ishlab chiqarib turilgan. Demakki, ular shu kunlar davomida o‘zlari bilmagan holda atrofdagilar uchun xavfli bo‘lishgan. Ushbu izlanishlar natijalariga ko‘ra Koreya davlatida ko‘pgina ota onalar va o‘qituvchilar kasallikni bolalaridan yuqtirgani aniqlangan.

Shu sababli pandemiya tarqalishi oldini olish uchun bolalar qatnaydigan o‘quv muassasalarda tibbiy hamda sanitar epidemiologik nazoratni kuchaytirishimiz lozim», dedi Abdusamatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top