13:59 / 05.09.2020
26885

Joriy yilgi paxta terimiga askarlar jalb qilinmaydi – vazir o‘rinbosari

Bugun, 5 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida paxta terimi mavsumini tashkil qilish ishlari haqida ma'lumot berildi. 

Anjumanda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning aytishicha, joriy yilgi terimga askarlar jalb qilinmaydi. Bu borada alohida buyruq chiqarilgan. Maktablar va tibbiy muassasalar ham paxtaga chiqarilmaydi. 

Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyevning  qayd etishicha, joriy yil paxta teruvchilar  mehnat shartnomasi asosida paxta terishadi. 

“O‘z mahallasida paxta teruvchilar uchun individual shartnoma tuziladi, uzoq hududlardan, masalan, vodiy viloyatlaridan boshqa viloyatlarga borib otryadlarda paxta teruvchilar uchun esa otryad shartnomalari tuziladi”, - dedi u. 
 
Shuningdek, federatsiya raisi o‘rinbosari majburiy mehnat qay holatlarda qayd etilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Tibbiyot xodimlari yoki pedagoglar o‘z ish vaqtidan keyingina qo‘shimcha daromad topish uchun chiqishsa, bu majburiy mehnat hisoblanmaydi. Umuman olganda, qaysi tashkilot xodimi bo‘lishidan qat'i nazar o‘z xohishiga ko‘ra paxta teruvchilar majburiy mehnatga jalb qilinganlar ro‘yxatiga kiritilmaydi”, - deya Baxtiyor Mahmadaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top