20:04 / 06.09.2020
9510
Farzandining kontraktini to‘layotgan ota-onalarga soliq imtiyozi borligi eslatildi

Soliq organiga deklaratsiya topshirish orqali kontrakt to‘lovida soliq chegirmasidan foydalanish mumkin, deya eslatmoqda Adliya vazirligi.

Foto: Fotolia

Oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olish (o‘zining, 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta'lim olishi) uchun to‘lov amalga oshirilganda, to‘lov qilingan qismi daromad solig‘idan ozod etiladi.

Bunda soliq chegirmasi o‘qish uchun to‘lov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi:

  • o‘z mablag‘lari;
  • jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta'lim kreditlari;
  • yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lari (ssudalar).

To‘lov oylik ish haqidan emas, mustaqil amalga oshirilganda, soliq organiga jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirgan holda soliq chegirmasidan foydalanish mumkin.

Bunda, soliq chegirmasi OTMda o‘qish uchun haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar summasiga, soliq davri uchun ko‘rsatilgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi miqdorida beriladi.

Soliq chegirmasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlash uchun quyidagilar taqdim etiladi:

  • talaba bilan oliy o‘quv yurti o‘rtasida to‘lovli-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;
  • tijorat banki bilan ta'lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
  • oliy o‘quv yurtlari hisob raqamiga pul mablag‘larini mustaqil to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
  • pasport nusxasi va ta'lim oluvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya munosabati bilan, OTMlarda kunduzgi ta'lim shaklida o‘qiyotgan barcha talabalarga 10 foiz chegirma e'lon qilingan.

Top