11:24 / 06.09.2020
13894
Liviyaga qurol embargosini kim buzmoqda va bunga Rossiya reyslarining qanday aloqasi bor: OAVga BMT hisobotidan nimalar ma'lum?

Iyun oyida Tripolining qamali to‘xtatilishi Liviyadagi urushuvchi tomonlarning muzokaralar boshlashi va nihoyat fuqarolik urushiga barham berilishiga bo‘lgan umidlarni uyg‘otgandi. Ammo o‘tgan oylarda ikki lager homiylari BMT embargosini aylanib o‘tgan holda mamlakatga qurol yetkazib berishni faollashtirgani kuzatildi, xolos.

Foto: Getty Images

Bu xulosa manbayi - BMT Xavfsizlik kengashining Liviya bo‘yicha qo‘mitasiga yuborilgan yopiq hisobotdir - bu hisobot bilan New York Times va Reuters tanishishga muvaffaq bo‘lgan.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, hisobotda Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari qurolli kuchlari Liviyadagi «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi yollanma jangchilari va mamlakat sharqida nazorat o‘rnatgan Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani ko‘rsatilgan. Ekspertlarning hisoblashicha, Haftarga Fransiya, Misr va Iordaniya ham yordam ko‘rsatadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq Liviyadagi yollanma jangchilar Rossiya manfaatlarini ifoda etmasligini ma'lum qilgandi. OAV xabarlarida qayd etilgan davlatlar vakillari BMT hisoboti yuzasidan izoh berishmadi.

Ziddiyatning ikkinchi tomoni - BMT tomonidan tan olingan Tripolidagi Foiz Saroj hukumati esa Turkiya tomonidan ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatlanadi. Hisobotdagi ma'lumotlarga ko‘ra, harbiy yuklar ba'zida yo‘lovchi reyslar orqali yetkazib berilgan. Hisobotda AQShning avvalgi prezidenti Barak Obama ma'muriyati bosimi ostida tanaffus qilgan Qatar ham Liviyadagi mojarolarga qayta qo‘shilgani qayd etilgan.

Qatar aviatsiyasi ham Liviyaga ko‘plab reyslar amalga oshirgan va Saroj hukumatiga yordam yetkazib bergan. Turkiya va Qatar mudofaa vazirlari avgust oyida birgalikda Tripoliga tashrif buyurishgan.

Chorshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining Liviyadagi vakili vazifasini bajaruvchi Stefani Uilyams ikki lagerdagilar ham qurol yetkazib berishga qo‘yilgan embargoni buzishda faol ekani, hududda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ham nazoratdan chiqib ketayotganini aytib o‘tgan.

OAV nimalardan xabar topdi?
Reuters’ning yozishicha, BMTdagilar Suriyadan Liviyaga harbiy yuklar bilan 338ta reys amalga oshirilganini hisoblashgan.

«2020 yilning yanvaridan iyunigacha Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Vagner» XHK va ehtimol boshqa xususiy harbiy kampaniyalarga ko‘rsatilgan yordam hajmi sezilarli darajada oshgan», - deya yopiq hisobotdan iqtibos keltiradi agentlik.

Hisobotda 2019 yil 1 noyabridan 2020 yil 31 iyuliga qadar 338ta shubhali reys amalga oshirilganini sanalgan. May oyida BMT ekspertlari Liviyadagi rossiyalik yollanma jangchilar soni 1,2 ming kishidan iborat ekanini ma'lum qilishgandi.

Ikki tomon ham iyun oyidan buyon harbiy harakatlarni to‘xtatgan, ammo amalda tinchlik yo‘q

New York Times nashri raqamlarga aniqlik kiritgan - gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, BMT kuzatuvchilari 339ta reysni sanashgan, bu reyslar orqali Rossiyaning Suriyadagi harbiy-kosmik kuchlari bazasi bo‘lmish Xmeymimdan 17 ming tonna yuk yuborilgan.

Shuningdek, nashr hisobot mualliflari Birlashgan Arab Amirliklarining harakatlari batafsil o‘rganib chiqqani, unga ko‘ra 2020 yilning birinchi yarmida BAA vositachilar orqali va to‘g‘ridan to‘g‘ri 100dan ortiq yuk reyslari amalga oshirgani ma'lum qilingan.

New York Times nashrining yozishicha, Liviya uchun bunday holatlar yangilik emas, hatto BMT rasmiysi embargo «quruq gap» ekanini ochiq aytadi. Ammo bu yilda sodir etilgan qoidabuzarliklar ko‘lami va mamlakatda to‘plangan zamonaviy qurol-yarog‘ miqdori xalqaro hamjamiyatni tashvishga solgulik darajada katta.

Liviyada fuqarolar urushi 2011 yilda NATO harbiy amaliyoti natijasida diktator Muammar Kazzofiy ag‘darilganidan buyon davom etmoqda.

2014 yildan esa qarama-qarshilikning ikki tomoni shakllandi - BMT tan olgan Foiz Saroj hukumati poytaxt Tripoli va uning atrofidagi hududlarni, mamlakat shimoli-g‘arbini nazorat qiladi, mamlakat sharqida esa Xalifa Haftar armiyasiga tayanadigan Liviya milliy parlamenti hukmronlik qiladi.

2019-2020 yillarda Hafta armiyasi 14 oy mobaynida poytaxtni qamal qildi, u g‘olib chiqishi muqarrar ko‘ringandi. Ammo Turkiyaning mojaroga aralashishi vaziyatda keskin burilish yasadi. Tripolidagi hukumatni qo‘llash uchun turk harbiylari, Suriya shimolidagi jangarilar, dronlar va boshqa harbiy mutaxassislar Liviyaga tashlandi.

Turkiyaning faollashuviga javoban Haftarning asosiy ittifoqchisi BAA ham ziddiyatga yanada chuqurroq aralasha boshladi.

«Liviyaga ushbu ikki davlat tomonidan qurol yetkazib berish hajmi kengaytirilgani sanksiya choralari ochiqdan ochiq inkor etilayotganini ko‘rsatadi», - deya hisobot mualliflaridan iqtibos keltiradi Reuters. Ular embargo faqat qog‘ozda ekanini tan olishgan.

Liviya Afrikadagi neft va gaz zaxiralariga boy davlatlardan biri hisoblanadi

BMTning qayd etishicha, ziddiyatga aloqador bo‘lgan barcha mintaqaviy derjavalar - Rossiya, Turkiya, Misr, Iordaniya, Qatar va BAA Liviyaga jo‘natilayotgan shubhali yuklarni tekshirishni amalda to‘xtatishgan.

«Xorijiy homiylar Liviya sharqi va g‘arbidagi muhim aviabazalardagi pozitsiyalarini mustahkamlamoqda. Missiyaga xorijlik yollanma askarlar operativ xodimlarning ishtiroki kengayayotgani haqida xabarlar kelib tushmoqda. Bu esa mintaqadagi vaziyatni murakkablashtiradi va tinchlik o‘rnatilishi imkoniyatlarini keskin kamaytiradi», degan Uilyams. 

Iyun oyida Haftar qo‘shinlari Tripoli arofidan uloqtirib tashlandi va shahar qamali to‘xtadi. Shundan buyon Liviyada qurolli harakatlar tingan. 21 avgust kuni bosh vazir Saroj rasman sulh amal qila boshlagani haqida e'lon qildi, Haftar ittifoqchilari bo‘lgan milliy parlament spikeri Agila Solih esa barcha guruhlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Generalning o‘zi esa sukut saqlamoqda.

Mavzu
Liviyada fuqarolar urushi
Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar boshchiligidagi qo‘shinlar poytaxt Tripolini qamal qildi
Barchasi
Top