14:50 / 06.09.2020
16775

«O‘zbekiston astronomik kuzatuvlar markaziga aylanish potensialiga ega» – astrofizik Arman Tursunov bilan suhbat

O‘zFA Astronomiya instituti ilmiy xodimi, Chexiyaning Sileziya universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Arman Tursunov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ilmga kirib kelishi, ilmiy faoliyati, astronomiya-astrofizika fani istiqbollari, erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi.

28 yoshli Arman Tursunov bir necha kun avval Milan Odegnal nomidagi Chexiya Respublikasi Fizika jamiyatining birinchi darajali mukofotiga loyiq ko‘rilgandi. Taqdirlash marosimi 9 sentyabrda o‘tkaziladi.

– Ziyolilar oilasida tavallud topganman: otam nazariyotchi fizik va muhandis, onam esa shifokor. Aynan fizika-matematika fanlariga qiziqishimda otamning hissalari katta. Keyinchalik ushbu sohada meni ilmiy faoliyatga yo‘naltirgan inson bu ustozim professor Bobomurod Ahmedov hisoblanadi. U kishi bilan birinchi marta Yevropa davlatlariga ilmiy safar qilganman va shu sabab bo‘lib, keyinchalik ilmiy faoliyatim Chexiya davom etdi. Magistraturani tamomlaganimdan so‘ng Sileziya universitetiga doktoranturaga o‘qishga taklif qilishdi, bu men uchun katta imkoniyat edi desam bo‘ladi.

Chexiyada fizika-matematika fanlari bo‘yicha PhD unvonini yoqladim. O‘tgan yili esa O‘zbekistonga qaytib O‘zFA Astronomiya institutiga ishga kirdim va shu yerda fan doktorligi dissertatsiyasini himoya qildim, deydi olim.

– O‘zFA Astronomiya instituti va Sileziya universitetidagi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz. Bu ikki joydagi ishingizni qanday birga olib borasiz?

– Hozirda Astronomiya institutida katta ilmiy xodim hamda Chexiyaning Opava shahridagi Sileziya universitetida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar olib boraman.

Bu ikki ilmiy muassasa orasida ilmiy hamkorlik mavjud. Ularning ilmiy yo‘nalishlari orasida men shug‘ullanadigan qora tuynuklar tadqiqotlari ham bor.

Shuningdek, hozirda men KReDO deb nomlanadigan katta loyihaga a'zoman va tadqiqot olib boryapman. Bu loyihamiz orqali kosmik nurlarni mobil telefonlar va apparatlar orqali tutish mumkin bo‘ladi.

Kosmik nurlar deganda, koinotdan keladigan o‘ta yuqori energiyali zarralar tushuniladi. Ularning kelib chiqishi va qayerdan kelishi noma'lum. Ularning energiyasi shunaqa kattaki, uning bir proton zarrasida tennis koptogining 100 km/s uchgandagi quvvati mavjud. Buni juda katta makroskopik energiya mikroskopik zarraning ichida desa bo‘ladi.

Sileziya universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Arman Tursunov

Bilasizmi, bunday energiyani yer yuzida hech bir eksprement bilan hech qachon yaratib bo‘lmaydi. Yagona tajriba bu ularni kuzatish, kosmik nurlar observatoriyasi bilan tutish, lekin bu kabi observatoriya ham juda qimmat. Ustiga-ustak, bu zarralar Yerga kam keladi, bir yilda bir necha marta bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun «citizen science» – «fuqarolik ilmi» konsepsiyasi asosida bir loyiha tuzildi. Astrofizikadan xabari bo‘lmagan har kim olimlar ishlab chiqqan o‘sha dasturni yuklab, kosmik nurlarni tutishi va ilmga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Bu hozirda Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriyada sinab ko‘rilyapti.

Sileziya universitetidagi faoliyatingiz davomida, u yerdagi ta'lim tizimini O‘zbekistondagi oliy ta'lim bilan taqqoslab ko‘rasizmi?

– Birinchi navbatda aytishim kerakki, bizda kuchli fundamental bilim beriladi. Bu yutuqli tarafi albatta. Yevropa universitetlarida tor sohaga yo‘naltirilgan bilim beriladi. O‘zbekistonda fizika bo‘yicha tahsil olgan yoshlar tor soha emas, fundamental bilimga egaligi sababli ko‘plab davlatlarda fizikaga yaqin yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi mumkin.

Biz o‘qigan davrlarda fizikaga taalluqli bo‘lmagan fanlar ko‘p edi va bu talabaning vaqtini ko‘p o‘g‘irlar edi. Yevropalik talaba fanni o‘zi uchun o‘zi tanlaydi. Balki buni yaxshi-yomon deyish kerakmasdir, chunki sistemalar har xil.

Yevropa mamlakatlari kichik va bir-biriga yaqin bo‘lgani sababli talabalar uchun juda ko‘plab ta'lim dasturlari bor. Bir necha semestr boshqa universitetlarga borib o‘qib kelishi mumkin.

– Nazariya bilan shug‘ullanish sizni zeriktirmaydimi?

– Men qilayotgan tadqiqotlarni toza nazariya deb bo‘lmaydi. Bizning ishlarimiz astronomik kuzatuvlarga asoslanadi. Mikrofizika bilan shug‘ullanadigan odamlar yer ustida laboratoriyada eksperiment qilsa, bizning eksperimental laboratoriyamiz bu – koinot. Koinot esa hamma uchun qiziq olam.

Astrofizika yo‘nalishi Yer sayyorasining koinotdagi va galaktikadagi joyi, undagi hodisalarning insoniyat hayotiga ta'siri kabi savollarga javob izlaydi.

– Yaqinda birinchi marta xususiy kompaniya kosmosga raketa uchirdi va buni butun dunyo hayrat bilan tomosha qildi. Bu ilm uchun ham xizmat qiladimi yoki ilm-fan natijasi xolosmi?

– Bilib olish kerakki, birinchi navbatda, Ilon Mask bu – biznesmen. Raketalarning asosiy maqsadi koinotni tushunish-tushuntirish emas, ko‘proq biznes maqsadiga yo‘naltirilgan. Shuning uchun buni ilm-fan natijasi deyish mumkin.

– Astrofizika ilmi taraqqiy etishi O‘zbekiston uchun qanday istiqbollar ochadi?

– Astronomiya va astrofizika sohasi biz uchun an'anaviy desak ham bo‘ladi. Chunki o‘rta asrlarda Al-Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalar astronomiya ilmiga ulkan hissalarini qo‘shishgan. Bizning hududda astronomiyaga mos keladigan astroiqlim yulduzlarni kuzatish uchun juda ham qulay. Yil davomida 300 kundan ortiq bulutsiz ochiq osmon yulduzlarni kuzatish uchun ayni muddao hisoblanadi.

Astronomiya rivojlanishi uchun bizda imkoniyatlar katta deb o‘ylayman. Yaqin yillarda astronomiya yo‘nalishida katta loyiha amalga oshishi kutilyapti, bu Suffa-70 deb nomlanadi. Jizzax viloyatining tog‘li Suffa degan yerida 70 metrlik katta radioteleskop quriladi. 1981 yilda boshlangan bu loyiha ancha vaqtdan beri to‘xtab qolgan edi.

Agar loyiha oxirigacha amalga oshsa, dunyodagi eng katta submillimetrli radioteleskoplardan biri bo‘ladi. Bu bilan qora tuynukning juda yaqinida bo‘ladigan jarayonlarni o‘rganish, shuningdek ularning fotosuratini olish mumkin.

Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan yili katta xalqaro tadqiqotda qora tuynukning birinchi fotosurati olingan edi.

– O‘zbekistonda bu ilm sohasi kelajagini nimalarda ko‘rasiz?

– Albatta, birinchi navbatda fanni moliyalashtirish kerak. Har qanday ilm-fan katta mablag‘ talab qiladi, ayniqsa astronomiya, chunki zamonaviy asbob-uskunalar, teleskoplar juda qimmat turadi. Bular uchun kattagina investitsiya kerak.

Shu bilan birga, bitta mamlakatning o‘zi zamonaviy ilmni qurishi qiyin. Hatto Yevropaning alohida biror mamlakati ham bunga qodir emas, shuning uchun ilmda mamlakatlararo hamkorlik katta rol o‘ynaydi. E'tibor berilsa, katta-katta yutuqlar bir necha mamlakatlar tomonidan xalqaro hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda astrofizikani rivojlantirish uchun jahonda shunga o‘xshash misollar bor. Masalan, Chilini olsak, 30-40 yil avval kambag‘al davlat bo‘lgan. Hozirda Chilida eng zamonaviy va eng katta teleskoplar joylashgan. Faqatgina teleskoplar orqali emas, yerusti tajribalari ham olib borilyapti.

Xo‘sh, ular qanday qilib bunga erishdi. Birinchi navbatda ularda bizdagi kabi yaxshi astroiqlim bor, ikkinchidan, Chili hukumati xorijlik olimlarga infrastruktura va erkin ish sharoiti taklif qildi va bular hammasi tekinga – hech qanaqa soliq yoki to‘lovlarsiz. Faqat bitta – tajribalarning 10 foiz vaqti chililik olimlarga ajratilsin, degan sharti bor edi.

Ko‘pgina Yevropa va Amerika institutlari o‘zlarining teleskoplari, asbob-uskunalarini Chiliga olib borishdi. Hozirda Paranalda juda katta teleskop (nomi – VLT – Very Large Telescope) joylashgan. O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash potensial bor.

Kelajakda yirik teleskoplar va laboratoriyalar ish boshlaydigan bo‘lsa, birinchidan, olimlarimizda o‘sha kuzatuvlar natijasini birinchi bo‘lib qo‘lga kiritish va o‘z maqolalarida foydalanish imkoniyati bo‘ladi. Ikkinchidan, bu xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada oshiradi, xalqaro ilmiy institutlarni o‘ziga jalb etadi.

Ilmiy hamjamiyatda yana bir katta muammo bu – xalqaro ilmiy jurnallarga «dostup»ning yo‘qligi. Bu borada men bilgan Yevropa universitetlarida hech qanday muammo yo‘q, istalgan jurnaldan, istalgan maqoladan foydalana olishingiz mumkin.

Uchinchi yo‘nalish – O‘zbekistondagi ilmiy jurnallar mavqeyini ko‘tarish kerak. Chunki bizdagi jurnallar impakt-faktori juda past. Bu esa yozilgan ilmiy maqolaning jahon miqyosida ilmga qanchalik foydali ekanini ko‘rsatadi.

Menimcha, mana shu uch yo‘nalish ilmni rivojlantirish uchun dolzarb bo‘lib turibdi. Kadrlar masalasi astrofizika uchun ikkilamchi o‘rinda, sabablarini yuqorida aytdim: bizda bu yo‘nalishda juda yaxshi kadrlar tayyorlanadi.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top