“Formula-1” poygalarida ishtirok etuvchi “Alfa Tauri” jamoasi poygachisi Per Gasli faoliyatidagi birinchi g‘alabaga erishdi. U “Formula-1”ning Italiyadagi Monsa avtodromida o‘tgan bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
Marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib “Maklaren” a'zosi Karlos Sayns kesib o‘tgan. 3-o‘rinni “Reysing Poynt” poygachisi Lens Stroll egallagan.
Poyga peshqadami va amaldagi chempion Lyuis Hemilton svetoforning qizil chirog‘iga qaramay pit-leynga kirgani uchun 10 soniyalik jarima bilan jazolangan. Poyga “Ferrari” a'zosi Sharl Lekler ishtirokidagi avariya sababli to‘xtatilgan. U davom ettirilgach Hemilton jazo soniyalari sababli oxirgi o‘ringa tushib ketgan. U qolgan vaqt davomida pozitsiyasini yaxshilay olishga va 7-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan.
1995 yildan beri birinchi marta Italiya bosqichida Ferrari’ning ikki poygachisi - Sharl Lekler va Sebastyan Fettel trassadan chiqib ketdi.
Bir kun avval Hemilton kvalifikatsiya bosqichida eng yaxshi vaqtni namoyish qilgandi. U bir aylanani 1 daqiqa 18,887 soniyada o‘tib, chempionat tarixidagi mutlaq rekordni o‘rnatgan.
Umumiy hisobda Hemilton 164 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. 2-o‘rinni Valtteri Bottas 117 ochko bilan, 3-o‘rinni Maks Ferstappen 110 ochko bilan egallamoqda.
Poygalarning keyingi bosqichi ham Italiyada 11-13 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.