12:50 / 07.09.2020
27430

Bir-birini tiyib turish o‘rniga «suyab» turgan hokimiyat tizimlari: Konstitutsiyaviy sud sudyasi qonunga zid tarzda saylanganmi?

So‘nggi kunlarda Konstitutsiyaviy sud raisining ketma-ket beshinchi marta, qolaversa, 70 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, ushbu lavozimga saylangani jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.

Mazkur tamoyil tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu haqdagi ilk qarashlar Jon Lokk va Sharl Lui Monteske tomonidan bildirilgan. Keyinchalik, ushbu nazariya AQShda amaliyotga tatbiq etiladi. Aynan shu o‘lkada bugungi kundagi kabi hokimiyat tizimlarining bir-birini tiyib turish va muvozanatda ushlash prinsipi ishlay boshladi.

Mazkur prinsip sharofati bilan har bir hokimiyat tizimi boshqasining o‘z vakolat doirasidan chiqmasligini nazorat qiladi, hokimiyatning suiiste'mol qilinishi va qonunbuzarliklarning oldi olinadi.

Hokimiyat tarmoqlarining bir-birini tiyib turish va muvozanatda ushlash prinsipining ayrim unsurlarini Konstitutsiyamizda ham uchratish mumkin. Jumladan, Konstitutsiyaning 108-moddasiga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshiradi.

Baxtiyor Mirboboyev Yunusobod tumanidagi 70-maktabda o‘z kutubxonasidan kitob sovg‘a qilmoqda, 2019 yil aprel.
Foto: ksu.uz

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Konstitutsiyaviy sud sudyasi (bir vaqtning o‘zida sud raisi) Baxtiyor Shamsutdinovich Mirboboyevning ketma-ket beshinchi marta ushbu lavozimga saylanayotgani, ammo qonunga binoan mazkur lavozimga ikki martadan ortiq saylanish mumkin emasligi, shuningdek, qonunda ushbu lavozimga 70 yoshdan oshgan kishilarning saylanmasligi belgilangan holda uning 72 yoshida ushbu lavozimni egallagani haqidagi fikrlar avj oldi.

Bir necha kun o‘tib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Polvonov qonunlardan havolalar keltirgan holda ushbu iddaolarning noto‘g‘ri ekanini ta'kidladi. U bunga isbot sifatida avvalgi qonunning orqaga qaytish kuchiga ega emasligi, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun 6-moddasining ikkinchi qismida Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi qoida tariqasida yetmish yoshni tashkil etishi belgilangani, «qoida tariqasida» so‘zlarining qo‘llanilishi esa imperativ xarakterga ega emasligini bildirdi.

Mirboboyevning qatorasiga besh marta bu lavozimga saylanishining qonuniyligi haqidagi qarashlarni bir chetga surib, faqat uning saylangan vaqtdagi yoshiga nisbatan qonunda belgilangan talabga doir ayrim mulohazalarni keltirib o‘tmoqchimiz.

Bir qarashda, deputatning barcha fikrlari to‘g‘ridek, «qoida tariqasida» degan jumlaning umummajburiy xarakterga ega emasligi barchasi qonuniyligini isbotlayotgandek go‘yo.

Ammo, lekin, biroq...

Ma'lumki, amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi qonun 2017 yil 31 mayda qabul qilingan. B.Mirboboyev esa Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga Oliy Majlisi Senatining 2017 yil 24 avgustdagi qarori bilan saylangan.  

Ammo, deputat hammasi qonuniy bo‘lganiga asos sifatida keltirayotgan qonundagi «qoida tariqasida» degan so‘zlar 2017 yil 24 avgustdan (B.Mirboboyev Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylanganidan) 21 kun (!) o‘tib – 2017 yil 14 sentyabrda qabul qilingan va 15 sentyabrdan kuchga kirgan. Masalaning ushbu jihati e'tiborga olinsa, deputat Sh.Polvonov bu borada haq emasligi ma'lum bo‘ladi.

Ya'ni, B.Mirboboyev Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylangan 2017 yil 24 avgust holatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasi ikkinchi qismida «qoida tariqasida» degan so‘zlar bo‘lmagan va Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi yetmish yosh bo‘lishi kerakligi haqidagi rioya etilishi majburiy bo‘lgan qat'iy norma amalda bo‘lgan.

Bundan kelib chiqadiki, B.Mirboboyevni 2017 yil 24 avgust kuni Konstitutsiyaviy sudning sudyaligiga saylashda qonun talabiga rioya etilmagan.

Hozircha masalaga Konstitutsiyaviy sudning o‘zi yoki uning tarkibini saylagan Senat munosabat bildirganicha yo‘q.

Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiquvchi sud hokimiyati organi bo‘lgan Konstitutsiyaviy sud yoki mutlaq vakolatlaridan biri ushbu sudni saylash bo‘lgan Senat ijtimoiy tarmoqlarni kezib yurgan bu mavzu yuzasidan tez kunlarda izohni berib qolsa ajab emas.

Abbos Salaydinov, huquqshunos

Top