00:46 / 07.09.2020
30276
Bosh prokuratura matbuot kotibi Navoiydagi jurnalist qiz bilan bog‘liq voqeaga munosabat bildirdi

4 sentabr kuni Kun.uz'da «Navoiylik talaba qiz gazetada tanqidiy maqola yozdi. Shundan so‘ng unga bosim bo‘lgani aytilmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov o‘zining telegram kanalida voqea bo‘yicha post e'lon qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda «Maqolam uchun mahalla raisi tahdid qildi, dadamni do‘pposlashdi» sarlavhali xabar tarqalgan.

Xabarda «Navoiy ziyosi» gazetasida mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati yuzasidan [jurnalist Mahfuza Po‘latova tomonidan] tanqidiy maqola chiqarilganligi sababli Karmana tumani, «Bog‘ishamol» mahallasi raisi [Maqsud Pardayev] tomonidan muallifga tahdid qilingani va boshqa holatlar ko‘rsatilgan.

Hozirda mazkur holat Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan Bosh prokuratura nazorati ostida o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari haqida xabar qilinadi», deb yozgan Hayot Shamsuddinov o‘z kanalida.

Ma'lumot uchun, O‘zJOKU talabasi Mahfuza Po‘latova «Navoiy ziyosi» gazetasida chop etilgan «Efir uchun qilinayotgan ehsonlar» sarlavhali maqolasi uchun mahalla raisi tomonidan bosimga uchragani haqida Kun.uz'ga xabar bergandi. Yosh jurnalistning aytishicha, maqolasi ortidan otasini ham kaltaklashgan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mahalla raisi Maqsud Pardayev jurnalist qizning aytganlari tuhmat ekanini ta'kidlagan.

Top