16:53 / 07.09.2020
69830

«Ikkinchi to‘lqinni kutyapmiz va unga tayyorlanyapmiz» - SEOA direktori

O‘zbekiston koronavirus infeksiyasi kasalligining ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev «Kommersant'» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kuz-qish mavsumida gripp, O‘RVI kabi infeksion kasalliklarning ko‘payish vaqti kuzatiladi.

«Ha, biz ikkinchi to‘lqinni kutyapmiz va unga tayyorlanyapmiz. Kuz-qish - bu boshqa yuqumli kasalliklar, shu jumladan gripp, O‘RVIning ko‘payish vaqti kuzatiladigan mavsum. Karantin choralarining deyarli hammasi yengillashtirildi, odamlar o‘rtasidagi muloqot ko‘paymoqda, maktablar, universitetlar, bolalar bog‘chalari ochilmoqda», - dedi u.

Bahodir Yusupaliyevning aytishicha, issiq jazirama paytida kasallanish kamaymadi, aksincha, O‘zbekistonda iyul oyi oxiri - avgust oyi boshlarida bemorlar sonining ortishi kuzatildi, og‘ir shakldagi bemorlar ko‘pchilikni tashkil etdi.

«Shifoxonalarga yuklama ortdi. Ya'ni, virusning yuqishi yoki yuqmasligini havo harorati bilan bog‘lamagan bo‘lardim. Hozir biz kasallanishning eng yuqori cho‘qqisini boshdan kechirdik, vaziyat barqarorlashdi, ammo bu kuz-qish davrida o‘tkir respirator infeksiyalar bilan bog‘liq kasallanish holatlari ko‘paymaydi, degani emas. Shu sababli, pandemiya bilan kurashishga tayyorlikni oshirishda davom etamiz», - dedi SEOA direktori.

Bundan oldin, Bahodir Yusupaliyev O‘zbekiston koronavirusga qarshi Rossiya vaksinalarini sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini bildirgandi.

Uning aytishicha, Rossiya vaksinasi bo‘yicha mutaxassislar va hukumat darajasidagi muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Ikki haftadan so‘ng qaror qabul qilinishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top