20:24 / 07.09.2020
1818
Pochta jo‘natmalari orasida sifati kafolatlanmagan 333 quti dori vositasi aniqlandi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan axborot berdi.

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining «Aviayuklar» TIF bojxona posti xodimlari xorijdan keltirilgan pochta jo‘natmalarini o‘rnatilgan tartibda «Rapiscan» rentgen apparati yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazishdi.

Tekshiruv davomida 18 nafar fuqaro nomiga yuborilgan pochta jo‘natmalari orasida tegishli bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 67 mln so‘mlik 333 quti sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlandi.

Mazkur dori vositalari Bojxona kodeksining 167-moddasiga binoan yuk kuzatuvchi, ya'ni tijorat hujjatlarida to‘liq ko‘rsatilishi kerak edi. Ammo, hujjatlarda aks ettirilgan ma'lumotlar va tovarlar o‘rtasida nomuvofiqlik bo‘lganligi sababli ular shaxsiy extiyoj uchun emas, aksincha tijorat maqsadida olib kirilgan deb topildi va hozirda ushbu dori vositalari «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan vaqtincha saqlovga olinib, tergovga qadar tekshiruv xarakatlari olib borilmoqda.

Vazirlar Maxkamasining 2016 yildagi 191-sonli qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatni taqdim etmasdan, shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalarini olib kirishga va olib chiqishga haqli.

Biofaol qo‘shimchalaring noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari fuqaro M.A. boshqaruvidagi «Neksiya 3» rusumli avtomashinani belgilangan tartibda ko‘zdan kechirishdi.

Natijada, avtomashina ichida sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 100,3 million so‘mlik 601 dona xorijda ishlab chiqarilgan «SamyunWan» nomli biofaol qo‘shimchalar borligi aniqlandi.

Qashqadaryoda giyohvandlik vositalarini yashirincha yetishtirayotgan shaxs fosh bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro B.X.ning yashash xonadoni o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, ushbu shaxs tomorqasidagi poliz ekinlari orasida giyohvandlik o‘simligini noqonuniy tarzda parvarishlab kelayotgani aniqlandi.

Viloyat IIBning tegishli xulosalariga ko‘ra, ushbu giyohvandlik vositalari tarkibida tetragidrokannabinol giyohvand moddasi bor bo‘lgan «kannabis o‘simligi» ekanligi va og‘irligi 1689 gramm ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Navoiyda gugurt qutisiga solingan marixuanani olib ketayotgan fuqaro aniqlandi

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilib, «Matiz» rusumli avtomashina to‘xtatildi va nazoratdan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashinada yo‘lovchi sifatida harakatlanib ketayotgan fuqaro Q.X.ning yonida 1 dona gugurt qutisiga solingan hamda 1000 so‘mlik kupyuraga o‘ralgan, umumiy og‘irligi 8,94 gramm bo‘lgan «marixuana» giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishiga oid munosabatlar «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2015 yildagi «Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan tartibga solinadi.

Mazkur qonun hujjatlariga asosan, O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyat, jumladan, ularni olib kirish va olib chiqish, taqsimlash, ishlab chiqish, tayyorlash, yo‘q qilish, shuningdek, tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish faoliyati faqatgina yuridik shaxslar tomonidan litsenziya asosidagina amalga oshirilishi belgilangan.

Top