18:02 / 07.09.2020
3518
Urgut tumani hokimligi ikki qishloq o‘rtasidagi suv mojarosi bo‘yicha munosabat bildirdi
Foto: Urgut tumani hokimligi

Kecha, 6 sentabr kuni Kun.uz'da «Urgutdagi ikki qishloq mojarosi: nuroniylar o‘zaro murosa yo‘lini qidirishlari kerak emasmidi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda Urgut tumanidagi ikki qishloqning suv talashgani mojarosi haqida so‘z yuritilgan.

Urgut tuman hokimligi voqea yuzasidan munosabat bildirdi.

«Muammo undan qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-da qochish yoki uni xaspo‘shlash uchun ko‘tarilmaydi. Aholi nimadandir norozi bo‘lsa, yechimi murakkabroq masalaga duch kelsa, tegishli idoralarga, shuningdek, OAVga murojaat qiladi.

Aslida har qanday muammoning yechimi bor. Faqat istak va to‘g‘ri yondashuv bo‘lsa, bas. Kun.uz saytida e'lon qilingan «Urgutdagi ikki qishloq mojarosi: nuroniylar o‘zaro murosa yo‘lini qidirishlari kerak emasmidi?» sarlavhali maqolada ko‘tarilgan masala ham ana shunday muammolar sirasiga kiradi.

E'tirof etish kerak, maqolada tilga olingan Kamongaron va Vag‘ashti qishloqlaridagi suv muammosi haqiqatan ham anchadan beri mavjud. Aholi vakillarining o‘zaro kelishmovchiligi muammoni hal etish uchun to‘g‘ri yechim bo‘la olmasligi ham ayon edi.

Vag‘ashti ham, Kamongaron ham mehnatkash, mirishkor-u tadbirkor odamlari bilan mashhur. Shu nuqtai nazardan, yondosh-u jondosh mahallalar ahlining o‘zaro kelishmovchilikka borishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘tgan yili iyul oyida ushbu mahallalar aholisi ishtirokida «Obod qishloq» dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida Vag‘ashti va Kamongarondagi qurilish-obodonlashtirish ishlarini sifatli amalga oshirish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy obektlarni ta'mirlash va jihozlash kabi vazifalar qatorida fuqarolarning suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va suv ta'minoti bilan bog‘liq muammolarini hal etish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi. O‘tgan davr mobaynida bu borada qator amaliy ishlar qilinganini ta'kidlash joiz.

Kuni kecha viloyat hokimi yana ushbu mahallalarda bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi. Unda ta'kidlanganidek, ushbu ikki qishloq ahlining ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish, tun-u kun kafolatlangan toza ichimlik suvi ta'minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida bugungi kunda qator loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Mazkur loyihalar mavjud suv tarmoqlarini tozalash, ayrim hududlarda ta'mirlash-tiklash ishlarini olib borish, aholini sutka davomida toza ichimlik suvi bilan ta'minlash imkonini beruvchi suv taqsimlash hamda tozalash inshootlarini barpo etishga qaratilgan.

Yaqin orada loyiha takliflari taqdimoti o‘tkazilib, mahalliy aholi bilan hamfikrlikda maqbul loyihani amalga oshirish ishlari boshlanadi», deyiladi tuman hokimligi bayonotida.

Oldinroq bu borada Samarqand viloyat hokimligi ham munosabat bildirgandi.

Top