08:04 / 08.09.2020
1818
Avstraliya ommaviy axborot vositalari Xitoydan so‘roq qilingan muxbirlarini olib chiqdi

Avstraliyaning ABC telekompaniyasi o‘z muxbirini Xitoy davlat xavfsizlik vazirligi xodimlari tomonidan so‘roq qilingandan keyin Pekindan chaqirtirib oldi. Xuddi shu sababga ko‘ra Australian Financial Review (AFR) o‘z muxbirini ortga chaqirtirgan.

AFR ma'lumotlariga ko‘ra, jurnalistlarning uyiga bir vaqtda - yarimtundan keyin Xitoy davlat xavfsizlik vazirligi zobitlari kelib, ularga o‘tgan oy hibsga olingan xitoylik taniqli teleboshlovchi Chen Ley ishi bo‘yicha tergovga qiziqish bildirayotganlarini ma'lum qilishgan. Ta'kidlanishicha, Chen Ley Avstraliya fuqaroligiga ega. 

Chen Ley

Jurnalistlar so‘roq qilingandan keyin Avstraliyaning Pekindagi elchixonasi va Shanhaydagi bosh konsulligida qolishgan. Diplomatlar ularning Avstraliyaga hech qanday to‘siqlarsiz qaytishlari bo‘yicha Xitoy rasmiy idoralari bilan muzokaralar olib borishgan. 8 sentyabrda jurnalistlar Sidneyga qaytgan.

Xitoyning CGTN telekompaniyasi boshlovchisi Chen Ley 3 haftacha oldin hibsga olingan. Ayni vaqtda buning sababi noma'lum. Joriy yil boshidan beri Xitoyda Avstraliyaning bir necha fuqarosi hibsga olinib, qat'iy jazolarga tortilgan.

Oxirgi vaqtda Xitoy va Avstraliya o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib borayotgani sababli, iyul oyida Avstraliya hukumati o‘z fuqarolarini Xitoyda hech qanday asossiz hibsga olinishlari mumkinligidan ogohlantirgan. Xitoy bunga javoban rasmiy Kanberrani feyk xabarlar tarqatayotganlikda va o‘z fuqarolarini yanglishtirayotganlikda ayblagan. 

Top