19:49 / 08.09.2020
49437

Bolalarni ogohlantiring: 2020 yilda maktab o‘quvchilari amal qilishi zarur bo‘lgan 8 xavfsizlik qoidasi

Koronavirus o‘z shartlarini qo‘ymoqda. Ta'lim xavfsiz shaklda bo‘lishi uchun, o‘quv yili oldidan bolaga maktabda nimalar qilish kerakligi va taqiqlangan narsalar haqida tushuntiring. Darvoqe, ularning aksariyati nafaqat 2020 yilda, balki har doim dolzarb.

Yangi qoidalarni qanday tushuntirish kerak?
Yangi haqiqat va uning talablari hatto kattalarni ham tashvishga solmoqda. Shuning uchun bolalarga qoidalarni tushuntirishda ehtiyot bo‘ling. Agar noto‘g‘ri usul tanlansa, bola qattiq qo‘rqib qolishi va umuman maktabga borishni xohlamasligi xavfi bor. 

Jarayon muammosiz va oson o‘tishi uchun: 

  • Cho‘chitmang. Maktabni qo‘rqinchli maxluqlar yashaydigan kulba sifatida tasvirlamang. U yerda xavf borligini, ammo bu ko‘chadagi, do‘kon yoki mehmonga borishdan ko‘ra ancha bexavotir ekanini tushuntiring. Agar e'tibor va ehtiyotkorlik bilan harakat qilinsa, undan omon qolish mumkinligi haqida qo‘shimcha qiling.
  • Tushunarli so‘zlardan foydalaning. Suhbatni tibbiyot talabalari uchun mo‘ljallangan ma'ruzaga aylantirmang. Esingizda bo‘lsin, siz bola bilan gaplashyapsiz va u «havo tomchilari» yoki «nafas yo‘li infeksiyalari» kabi oddiy iboralarni ham tushunmasligi mumkin. 
  • Shaxsiy namuna ko‘rsating. Bolaning niqob kiyib, qo‘llarini tez-tez yuvib turishini istasangiz, buni avvalo o‘zingiz bajaring. Siz asosiy o‘rnaksiz. 
  • Barcha savollarga javob bering. Bolaning qiziqishiga muloyim munosabatda bo‘ling va uning barcha «Nima?», «Qanday qilib?» «Nima uchun?» kabi so‘roqlariga batafsil javob berishga harakat qiling.  

Bola amal qilishi zarur bo‘lgan qoidalar
1. Masofa saqlash
Koronavirusni yuqtirishning ikkita asosiy usuli mavjud: havo-tomchilari (ya'ni havo orqali) va aloqa (odamga yoki narsalarning yuzasiga tegish orqali). Shu sababli, bolalarning quchoqlashishi, o‘pishlari va bir-birlariga juda yaqin o‘ynashlari hozircha yaramaydi. 

Maktabdagi tanaffuslar zerikarli bo‘lmasligi uchun bolalar aloqaga kirishmaydigan o‘yinlar o‘rgating.

2. Sanitayzer olib yurish
Dars paytida qo‘llarni muntazam ravishda yuvish imkonsiz, ammo ularni dezinfeksiyalash vositasi bilan tozalash juda oson. Farzandingizga darslar boshlanishidan oldin, u partada o‘tirganda va maktabdan chiqqandan keyin dezinfeksiyalovchi vositadan foydalanishni uqtiring. Bundan tashqari, har bir jismoniy aloqadan so‘ng va tamaddi oldidan qo‘llarni zararsizlantirish kerak.

3. Tushlikdan oldin qo‘llarni yuvish
Koronavirusdan tashqari, terida boshqa zararli mikroorganizmlar ham bo‘lishi mumkin. Farzandingizdan har ovqatlanishdan oldin qo‘llarini sovun va suv bilan yaxshilab yuvishini so‘rang. Uyda, o‘quv yili avvalida, albatta, master-klass o‘tkazing va qo‘llar qanday qilib to‘g‘ri yuvilishini ko‘rsating.

Aytgancha, nafaqat ovqatlanishdan oldin, balki hojatxonaga har borishdan keyin ham qo‘llarni dezinfeksiya qilish kerak.

4. Maktabga ketishdan avval harorat tekshiruvi
Mashq qilish, tishlarni yuvish, haroratni o‘lchash. Ushbu sodda harakatlar farzandingizning kundalik ertalabki odatlari qatorida mustahkam o‘rin egallashi kerak. Agar harorat me'yordan bir oz yuqoriroq bo‘lsa, uyda qolish kerak. Albatta, bu koronavirus yoki boshqa kasallikning alomati emas, balki oddiy ortiqcha qizish bo‘lishi mumkin. Ammo bolaning xavfsizligi va sinfdoshlarining sog‘lig‘i uchun tavakkalga bormagan yaxshiroqdir. 

Bundan tashqari, hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qilish uchun maktabdan uyga qaytib ham harorat o‘lchanishi mumkin.

5. O‘qituvchiga quloq tutish
Har bir maktabda yangi o‘quv yili uchun xavfsizlik qoidalari turlicha bo‘ladi. Masalan, boshqa sinflar bilan aloqalarni cheklash yoki kamaytirish, tanaffus paytida yo‘laklarda yurmaslik, yangi jadval bo‘yicha tushlik qilish. Agar o‘qituvchi bu haqda so‘rasa, bunga barcha amal qilishi kerak. 

Taqiqlangan harakatlar
1. Kasallikni yashirish
Farzandingiz o‘zini yomon his qila boshlashi bilan bu haqda darrov xabar berishi kerakligini tushuntiring. Burun oqishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, holsizlik, diareya, mushak og‘rig‘i - bular koronavirusning ehtimoliy alomatlaridir. Agar bola tuzalmasa, u uyda bo‘lishi kerak: bu u va boshqa bolalar uchun eng xavfsiz yo‘l. 

2. Ruchkani tishlash va qo‘llarni yuzga tekkizish
Virus buyum yuzalarida yoki kaftda uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Yuzga teginish yoki ayniqsa biror narsani tilga tekkizish orqali bola infeksiyani yuqtirib olishi mumkin.

3. Vahimaga tushish
Farzandingizga maktabga qaytishdan tashvishlanish odatiy ekanini tushuntirish muhim, ammo u bilan ishlash kerak. Sizning vazifangiz unga yangi hayot tarziga moslashishda yordam berishdir:
Maktab haqida suhbatlashing, bu qanday ajoyib bo‘lganligini eslatib qo‘ying. 

Farzandingiz jadvaliga maktab paytidagi odatiy harakatlarni kiriting: erta turish, birgalikda nonushta qilish, yangi ma'lumotlarni o‘rganish. Ushbu mashg‘ulotlarni qiziqarli tarzda olib boring va shaxsan ishtirok eting. 

Farzandingizni qo‘llab-quvvatlang, u uchun do‘stona va ko‘ngilchan munosabatda bo‘ling.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top