23:13 / 08.09.2020
3023
Buyuk Britaniya hukumati xato yoki tovlamachilik tufayli bir necha milliard dollar yo‘qotdi

Hisob qo‘mitasining ma'lumot berishicha, 2019 yilda xatolar va tovlamachiliklar tufayli soliq yo‘qotishlari 30 milliard funtni tashkil etgan.

Foto: Suzanne Plunkett / Reuters

Buyuk Britaniya hukumati to‘lovlarni subsidiyalash dasturi doirasidagi xato yoki tovlamachilik tufayli 3,5 milliard funt sterlinggacha (4,6 milliard dollar) mablag‘ yo‘qotdi.  Bu haqda mamlakat soliq va bojxona to‘lovlari boshqarmasiga  (HMRC) tayanib BBC News xabar bermoqda.

 Koronavirus pandemiyasi bois mart oyida ta'tilga chiqishga majbur bo‘lgan xodimlar maoshining 80 foizini (oyiga 2500 funt sterlinggacha) olgan. Davlat mablag‘lari sarflanishini nazorat qilish qo‘mitasining hisob-kitobiga ko‘ra, to‘lovlarning 5dan 10 foizigacha qismi noto‘g‘ri to‘langan. Dastur hukumatga 35,4 milliard funt sterlingga tushgan.

«Biz ariza shakllantirishda xatoga yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarni qidirmaymiz, ammo ular ortiqcha mablag‘ni o‘z ixtiyori bilan qaytarishlarini kutmoqdamiz», — dedi HMRC boshlig‘i Jyeyms Xarra.

Boshqarmaga sakkiz mingdan ortiq qo‘ng‘iroq bo‘lgan, shubhali to‘lovlar bilan bog‘liq 27 mingta ish ko‘rib chiqilmoqda.

Boshqarma shuningdek, ish beruvchisining tovlamachilik qilganligi borasida shubhasi bo‘lgan xodimlarni ham bu haqda xabar berishga chaqirmoqda. Hisob qo‘mitasining ma'lumot berishicha, 2019 yilda xatolar va tovlamachiliklar tufayli soliq yo‘qotishlari 30 milliard funtni tashkil etgan.

Top