08:10 / 08.09.2020
16994
Farg‘ona viloyatida katta miqdorda tabiiy gaz o‘g‘irlanish holatlari aniqlandi

Gaz ta'minoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 350 million so‘mdan ziyodni tashkil etdi.

"Hududgazta'minot" AJ tizimidagi "Hududgaz metrologiya" filiali, Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi vakillari bilan birgalikda Farg‘ona viloyatida ohak va boshqa turdagi qurilish materiallari, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, shuningdek, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining (AYoQSh) tekshiruvi tashkil etildi

"Hududgazta'minot" AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 10 kun davom etgan o‘rganishlar davomida viloyatdagi 15 ta ishlab chiqarish obektlarida qo‘pol qonunbuzarliklar va 1 million 353 ming kubometrdan ortiq gazni o‘g‘irlash hamda gazni hisobga olishdagi qonun buzilishlari bilan bog‘liq qator kamchiliklar aniqlandi. 

Qayd etilishicha, gaz ta'minoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 350 million so‘mdan ziyodni tashkil etdi.

Qonunbuzarliklar bo‘yicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi. Boshqa holatlarni aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar esa davom etmoqda. Belgilangan tartiblarni chetlab o‘tib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etgan "Hududgaz Farg‘ona" GTFning mansabdor shaxslariga nisbatan, "Hududgazta'minot" AJ rahbariyati tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘riladi, deyiladi xabarda.

Top