13:26 / 08.09.2020
51016
«O‘zmetkombinat» boshqaruvi raisi vafot etdi

“O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sergey Vyunenko vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar bermoqda.

Foto: O‘zmetkombinat

Sergey Vyunenko 1978 yilda Qozog‘istonning Pavlodar shahrida tug‘ilgan. Yevrosiyo Innovatsion universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1998 yilda “Qozog‘iston alyumin” aksiyadorlik jamiyatida quvurlar montajchisi vazifasidan boshlagan. Keyinchalik yirik metallurgiya korxonalarida turli mas'ul lavozimlarda mehnat qilgan.

2017 yildan boshlab Sergey Vyunenko “O‘zmetkombinat” AJda ish boshlagan. Dastlab kombinat bosh muhandisi, boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, boshqaruv raisining ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2020 yildan esa “O‘zmetkombinat” AJning boshqaruv raisi vazifalarida mehnat qilib kelgan. 

“Sergey Anatolevich Vyunenko O‘zbekiston Respublikasida qora metallurgiya sanoati rivojiga katta hissa qo‘shdi. U o‘ziga va korxona rahbar va mutaxassislariga juda talabchan edi. Uning rahbarligida ferroqotishmalar, po‘lat simlar va boshqa turdagi metall mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, yirik investitsiya loyihasi – "Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi" ishlari boshlandi.

S. Vyunenko metallurglarning farovonligi va turmush darajasini oshirishga alohida e'tibor qaratar edi. Sergey Vyunenko Toshkent viloyati aholisi qalbida malakali va tajribali rahbar sifatida abadiy qoladi”, - deyiladi xabarda.

Top