12:24 / 08.09.2020
20022

Qonunchilik palatasi Toshkent shahrida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Toshkent shahri hududidan 2 131,2 gektar hamda Toshkent viloyati hududidan 2 288,4 gektar yer maydonlari Yangihayot tumani tarkibiga o‘tkaziladi.

Foto: LiveJournal

Bugun Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Toshkent viloyati Zangiota, Quyi Chirchiq, Yangiyo‘l va O‘rta Chirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Parlament saytida yozilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 may kuni Toshkent shahri Sergeli tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq kiritilgan ushbu masala mazkur hududda yagona boshqaruvni yo‘lga qo‘ygan holda, aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratishni nazarda tutadi.

O‘zgarishlarga ko‘ra, Toshkent shahri hududidan 2 131,2 gektar, shu jumladan, Sergeli tumanidan 1 864,2 gektar va Bektemir tumanidan 267,0 gektar hamda Toshkent viloyati hududidan 2 288,4 gektar, ya'ni Zangiota tumanidan 492,0 gektar, Quyi Chirchiq tumanidan 128,7 gektar, Yangiyo‘l tumanidan 264,4 gektar va O‘rta Chirchiq tumanidan 1 403,3 gektar yer maydonlari Yangihayot tumani tarkibiga o‘tkaziladi.

Top