10:08 / 08.09.2020
14843
Saakashvili Gruziya bosh vaziri bo‘lish uchun ikkita shart qo‘ydi  
Foto: Stringer / RIA Novosti

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Facebook’dagi sahifasida Gruziya hukumatiga rahbarlik qilishga tayyorligini bildirdi. “Novosti-Gruziya” nashrining xabar berishicha, siyosatchi buning uchun ikkita shart qo‘ygan.

“Shuni aytmoqchimanki, men to‘liq muddat bosh vazir bo‘lmayman, uzog‘i bilan ikki yil. Chunki shu ikki yil mamlakatni botqoqdan chiqarish va tezda olg‘alab ketish uchun yetarli bo‘ladi”, deb aytgan Saakashvili.

U ikkinchi shart sifatida mamlakatda “qarama-qarshilik va tartibsizliklar” bo‘lmasligi kerakligini aytgan. “Men o‘z vaqtida hokimiyatni tinchlik bilan topshirganman va hokimiyat tepasiga tartibsizliklar yo‘li bilan kelmoqchi emasman”, deb ta'kidlab o‘tgan siyosatchi. 

U shu videomurojaatida prezidentligi vaqtida xatolarga yo‘l qo‘yganini tan olgan. “Hech narsa qilmaydigan odamgina xato qilmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan Saakashvili. U Gruziyani boshqargan vaqtda AQSh prezidenti “Gruziyani demokratiyaning dunyo ko‘lamidagi mayog‘i” deb ataganini eslatib o‘tgan.

Avvalroq Gruziyaning muxolif partiyasi “Yagona milliy harakat” va “Kuch birlikda” muxolif birlashmasi Saakashvili nomzodini bosh vazir lavozimiga ilgari surgan. 

Gruziyada navbatdagi parlament saylovlari 31 oktyabrga belgilangan. Unda “Yagona milliy harakat”dan tashqari, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi ham ishtirok etadi.

Saakashvili Gruziyani 2008-2013 yillar davomida boshqargan. 2013 yilda saylovlarda yutqazgandan keyin mamlakatni tark etgan. Shundan keyin unga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Top