15:35 / 08.09.2020
1971
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida raqamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi ish boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli Farmoniga asosan, respublika oliy ta'lim muassasalarini xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar (QS, THE, ARWU) reytinglarida birinchi 1000 talikka kiritish vazifasini bajarish maqsadida, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarini rivojlantirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi universitetlari konsorsiumi (keyingi o‘rinlarda KASKAD) doirasida qo‘shni mamlakatlarning yetakchi ixtisoslashgan universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda.

KASKAD konsorsiumi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan jami 15 ta qishloq xo‘jaligi universitetlarini o‘z ichiga olgan. Bu yil KASKADning 10 yillik yubileyi arafasida Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi tashkil etildi.

 Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabini tashkil etishdan maqsad ta'lim sifatini va uni xalqarolashuvini yanada oshirish, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va talabalarni jalb etish, institutlar mavqeini mintaqada tanitish va reytingini ko‘tarishdan iborat.

Ushbu xalqaro maktabda:

  • Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Raqamli iqtisodiyot” (Tsifrovaya ekonomika) kursini;
  • Qozoq milliy agrar universiteti “Yashil iqtisodiyot” (Zelenaya ekonomika) kursini;
  • Ozarbayjon davlat agrar universiteti “Strategik Menejment” (Strategicheskiy menedjment) kursini;
  • Tojikiston agrar universiteti “Antikrizis menejmenti” (Antikrizisnyy menedjment) kursini;
  • Qirgiziston milliy agrar universiteti “Agrar kooperatsiyasi” (Agrarnaya kooperatsiya) kurslarini olib boradi.

Yuqoridagi kurslar bo‘yicha talabalar mintaqaviy iqtisodiyot va uning barqarorligini ta'minlashga oid zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar hamda chet eldagi tengdoshlari bilan yaqindan tanishishb, ular bilan o‘zaro do‘stlashishga, fikr almashishga hamda iqtisodiyot va boshqaruv  sohadagi masalalarni yechishda turli xil yondashuvlarni muhokama qilish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.

2020 yil 7 sentabr kuni Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabining dastlabki kursini Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti Germaniyalik olimlar bilan hamkorlikda tayyorlagan dasturi asosida  “Raqamli iqtisodiyot” kursini boshlab berdi va 6ta mamlakatdagi 15ta qishloq xo‘jaligi universitetdan jami 400dan ortiq talabalar 1 semestr davomida masofaviy ta'lim olishni boshlashdi.

Har hafta ularga iqtisodiyot va menejment sohalarining dolzarb mavzularida KASKADga a'zo universitetlarining yetuk professor-o‘qituvchilari tomonidan darslar olib boriladi. Haftalik darslar 2 kreditni tashkil etadi. Darslarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan talabalarga sertifikat taqdim etiladi.

TIQXMMI Matbuot xizmati

 
Top