11:35 / 09.09.2020
11848

Andijonda to‘ylarda belgilangan karantin talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlandi

1 avgust kunidan 7 sentabr kuniga qadar Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Asaka, Jalaquduq, Shahrixon hamda Xo‘jaobod tumanlarida o‘tkazilgan jami 11 ta to‘y marosimlarida belgilangan karantin talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlandi.

Andijon viloyatida IIB xodimlari tomonidan to‘y marosimlarini uy sharoitida sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazish borasida jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Andijon viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, tuman-shahar fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idoralaridan olingan ro‘yxatlar asosida to‘y o‘tkazilishi belgilangan xonadon egalari bilan ogohlantirish profilaktik tadbirlari olib borilmoqda.

O‘tgan davr davomida nikoh qurish uchun ariza bergan 5 ming 601 nafar yoshlarning 4 ming 621 nafari va ularing ota-onalari bilan o‘tkazilishi belgilangan to‘y marosimlarida sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish, to‘yda qatnashuvchi fuqarolar sonini 30 kishidan oshirmaslik to‘g‘risida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ogohlantirish xatlari olindi.

Biroq, olib borilgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan fuqarolar tomonidan belgilangan cheklov qoidalarini buzish holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 1 avgust kunidan 7 sentabr kuniga qadar Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Asaka, Jalaquduq, Shahrixon hamda Xo‘jaobod tumanlarida o‘tkazilgan jami 11 ta to‘y marosimlarida belgilangan karantin talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-modda 2-qismiga asosan ma'muriy hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rishlik uchun Andijon viloyati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga yuborildi.

Top