08:36 / 09.09.2020
8860
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan subsidiya oluvchi shaxslar toifasi kengaytirildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining «O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi buyrug‘i qabul qilindi.
 
Buyruq Prezidentning 18.05.2020 yildagi «Tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4716-son va 26.06.2020 yildagi «Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4759-son qarorlariga muvofiq tayyorlangan.
 
Norma’ning yozishicha, hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (31.05.2019 yilda 3163-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

2-banddan 5 va 6-xatboshilar chiqarib tashlanib, u quyidagi mazmundagi 2-1 va 2-2-bandlar bilan to‘ldirilmoqda:

2-1. Prezidentning PQ-4716-son qaroriga muvofiq subsidiyalar quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:

a) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi (ABKM), yetkazib beruvchi tashkilotlar va tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida:

yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun – BHMning 30 baravarigacha;

sug‘orish vositalari xarid qilish uchun – BHMning 10 baravarigacha;

urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun – BHMning 3 baravarigacha;

b) qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritishi uchun – BHMning 10 baravarigacha. Bunda:

qishloq xo‘jaligi kooperativlari baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik va boshqa ilg‘or sohalarda tashkil etiladi;

qishloq xo‘jaligi kooperativlariga ishsiz fuqarolar, kam ta'minlangan oilalar a'zolari, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda kooperativ faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha tajribaga ega yetakchi tadbirkorlar birlashtiriladi.

2-2. Prezidentning PQ-4759-son qaroriga muvofiq «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 3 tadan kam bo‘lmagan ish o‘rni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun – har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.
 
36 va 37-bandlardagi «band bo‘lmagan» degan so‘zlar «ishsiz, kam ta'minlangan va kambag‘al oilalar a'zosi bo‘lgan» degan so‘zlar bilan almashtiriladi.
 
38-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

O‘rganish natijasiga ko‘ra murojaat qilgan shaxs band bo‘lmagan hollarda unga uning tomorqa yeriga mos keladigan yengil konstruksiyali issiqxona o‘rnatish va (yoki) urug‘liklar, ko‘chatlar yoxud sug‘orish vositalari xarid qilinishi bo‘yicha ABKMning mas'ul xodimi yetkazib beruvchi tashkilot, ABKM va tomorqa yer egasi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish choralarini ko‘radi. Bunda tomorqa yer egasining ehtiyojidan kelib chiqqan holda bitta oila uchun quyidagi yo‘nalishlardan biri uchun uch tomonlama shartnoma tuzadi:

  • yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish;
  • sug‘orish vositalari xarid qilish;
  • urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish.

 
Buyruq bilan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.
 
Hujjat 26.08.2020 yildan kuchga kirgan.

Top