21:54 / 09.09.2020
19375
Belarus: Kolesnikova hokimiyatni egallashga urinishda ayblanmoqda, Aleksiyevich ruslarga murojaat qildi

Chorshanba kuni Belarus kuch ishlatar tuzilmalari xodimlari muxolifatchilarni qo‘lga olishni davom ettirdi. Muvofiqlashtiruvchi kengash prezidiumining ikki a'zosi - Mariya Kolesnikova va Maksim Znak hokimiyatni egallashga urinish ayblovi bilan hibs qilingan. Muxolifatchilarning shtabida va kvartiralarda tintuv o‘tkazildi.

Mariya Kolesnikova va Maksim Znak Foto: Nataliya Fedosenko/TASS

Dushanba kuni g‘oyib bo‘lib qolgan Mariya Kolesnikova ayni vaqtda Minskdagi SIZO-1 izolyatorida ekani ma'lum bo‘ldi. Uning hibsga olinishiga prokuratura sanksiya bergan.

Znak chorshanba kuni tongda yo‘qolib qoldi. Keyinroq u, Kolesnikova hamda muxolifatchilarning yana bir huquqshunosi Ilya Saley hokimiyatni egallashga urinish ayblovi bilan qo‘lga olingan.

Belarus prokuraturasi muxolifatchilarning Muvofiqlashtiruvchi kengashiga qarshi shunday ish ochgan bo‘lib, bu ish bo‘yicha prezidium a'zolari so‘roq qilingandi, ammo avvalgilar faqat guvoh sifatida tergovga chaqirilgandi.

Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasi mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirishga oid dalillar borligini ma'lum qilgan.

Ayni vaqtda Muvofiqlashtiruvchi kengash prezidiumining ochiqda bo‘lgan va Belarusda qolayotgan yagona a'zosi yozuvchi Svetlana Aleksiyevich bo‘lib turibdi. Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan yozuvchining xalq orasida obro‘si baland, u muxolifatchilarning ma'naviy yo‘lboshchisi sanaladi, ammo u namoyishlarni muvofiqlashtirish hamda siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan.

Kolesnikova dushanba kuni g‘oyib bo‘lgandi, chorshanba kuni u qamoqxonada ekani ma'lum bo‘ldi

Qolganlar esa qo‘lga olingan yoki sobiq madaniyat vaziri Pavel Latushko kabi mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishgan .

Chorshanba kuni yana nimalar bo‘ldi?
Chorshanba tongida Aleksiyevich noma'lum shaxslar eshigini taqillatishgani, mobil telefoniga noma'lum raqamlardan qo‘ng‘iroqlar bo‘lganidan shikoyat qildi.

«Siz nega jimsiz?», deya rus ziyolilariga yuzlandi Aleksiyevich.

Shu kuni yozuvchining uyida u hibsga olinmasligi uchun yevropalik diplomatlar yig‘ilishdi. Shvetsiya tashqi ishlar vaziri tvitterdagi sahifasida shved elchisi, germaniyalik, litvalik, polshalik, slovakiyalik va chexiyalik elchilar davrasida turgan yozuvchi suratini e'lon qildi.

Aleksiyevich videomurojaat qilib, Belarus xalqiga muhabbat izhor qildi va rus ziyolilaridan ko‘mak so‘radi.

«Muvofiqlashtiruvchi kengash prezidiumidagi hamfikr do‘stlarimning hech biri qolmadi. Ular qamoqda yoki chegaradan tashqariga uloqtirilgan. Bugun oxiri Maksim Znakni ham olishdi. Avvaliga bizdan mamlakatimizni o‘g‘irlashdi, endi oramizdagi eng yaxshilarni o‘g‘irlashmoqda. Ammo bo‘shagan o‘rinlarga boshqa yuzlab boshqalar kelishadi. Bu Muofiqlashtiruvchi qo‘mitaning isyoni emas. Xalq ko‘tarilgan», - degan Aleksiyevich. 

Maksim Znak prezidiumning Belarusda va ozodlikda qolayotgan so‘nggi a'zosi edi / EPA

Aleksiyevich muxolifatchilarga qarshi ilgari surilgan hokimiyatni egallashga urinish bo‘yicha ayblovlarni rad etgan. U xalq ko‘chaga chiqayotgani, ular o‘z g‘alabasiga ishonishini ta'kidlagan.

«Yana bir bor rus ziyolilariga murojaat qilaman. Nega siz jim turibsiz? Bizni qo‘llab-quvvatlayotgan ovozlar juda kam. Kichik, lekin mag‘rur xalqning oyoqosti qilinishiga nega jim qarab turibsiz?

Biz hali ham sizning birodarlaringizmiz», degan Aleksiyevich.

Prezidentlikka sobiq nomzod Viktor Babarikoning shtabida va boshqa muxolifatchilarning uylarida tintuv o‘tkazilgan
VALERY SHARIFULIN\TASS

Kolesnikova bilan nimalar bo‘ldi?
Dushanba kuni yo‘qolib qolgan prezidium a'zosi Mariya Kolesnikova hibsga olinib, ayni vaqtda Minskdagi qamoqxonada ekani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda TUT.by nashri uning otasiga asoslanib xabar tarqatdi, ma'lumot Viktor Babarikoning shtabi tomonidan tasdiqlandi.

Muxolifatchilarning so‘zlariga ko‘ra, hukumat uni mamlakatni tark etishga majburlagan, ammo Kolesnikova bunday bo‘lmasligi uchun o‘z pasportini yirtib tashlagan.

«Tergov jarayonida «Muvofiqlashtiruvchi kengash» deb nomlangan nodavlat tashkilot tarkibiga kiruvchi shaxslar tomonidan Belarus Respublikasi milliy xavfsizligiga zarar yetkazuvchi, mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va axboriy vaziyatni beqarorlashtiruvchi harakatlar sodir etilganiga oid dalillar qo‘lga kiritildi», deyiladi Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasi ma'lumotida.

«Gumonlanuvchilar Mariya Kolesnikova va Maksim Znakka prokuror sanksiyasi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Shuningdek, Ilya Saley ham ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan», deyiladi xabarda.

Saley - Babarikoning saylovoldi shtabi yuristi hisoblanardi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top