21:43 / 09.09.2020
7099
BMT: Saudiya Arabistoni va BAA Yamanda harbiy jinoyatlar sodir etgan

Maxsus komissiya hisobotiga ko‘ra, Yamanda harbiy ziddiyatlar boshlanganidan buyon 112 ming kishi halok bo‘lgan, ulardan 12 ming nafari tinch aholi vakillaridir.

Foto: alwaght

BMT shafe'ligida tashkil etilgan Yaman bo‘yicha xalqaro delegatsiya ushbu mamlakat hududidagi nizolarning barcha qatnashchilari, jumladan Saudiya Arabistoni va BAA harbiy jinoyatlar sodir etgani to‘g‘risida aniq dalillar mavjudligini ma'lum qildi.

Yaman bo‘yicha BMT delegatsiyasi 2017 yil oxirida tashkil etilgan. Missiya keyingi yillar davomidagi uchinchi hisobotini tayyorladi. U 2019 yil iyuldan 2020 yil iyungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Hisobot 29 sentbyarda BMTning inson huquqlari bo‘yicha 45-sessiyasida muhokamaga qo‘yiladi.

Hisobotda Ar-Riyod boshchiligidagi koalitsiya va BAA qurolli kuchlari vakillari tomonidan ko‘plab harbiy jinoyatlar sodir etilganligi borasida dalillar mavjudligi ta'kidlangan.

Hisobotga ko‘ra, Yamanda harbiy ziddiyatlar boshlanganidan buyon 112 ming kishi halok bo‘lgan, ulardan 12 ming nafari tinch aholi vakillaridir.

BAA harbiylari Yamanda bo‘lib turibdi, amirliklarning harbiy-havo kuchlari zarbalari to‘xtamayapti. Abu-Dabi o‘z harbiylari bilan birgalikda Yaman aholisi orasidan 90 mingga yaqin jangarini moliyalashtirishni davom ettirmoqda, deyiladi hisobotda.

BMT ekspertlarining qayd etishicha, Yaman, Saudiya Arabistoni, BAA, xusiylar va amirliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Janubiy o‘tish kengashi qotillik, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, qiynoq va zo‘ravonlik kabi holatlarni ko‘p martalab sodir etgan.

Yamanda 2014 yil sentyabrdan beri qurolli nizo davom etmoqda. Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Ansorulloh» (xusiylar) harakati mamlakat g‘arbidagi katta hududni nazorat qilmoqda.

Hukumat kuchlari Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab koalitsiyasi qo‘llab-quvvatlashi ostida 2015 yil martdan buyon xusiylarga qarshi kurash olib bormoqda.

Yaman janubining bir qismini Janubiy o‘tish kengashi ayirmachilari nazorat qiladi. Ularni BAA faol qo‘llab-quvvatlaydi.

Top