09:28 / 09.09.2020
2433
Byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi

Jumladan, ishga kirayotgan shaxsdan talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatidan turar joydan ma'lumotnoma taqdim etish sharti chiqarib tashlanmoqda.

Qonunchilik palatasining 2020 yil 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida prezidentning 2019 yil 9 dekabrdagi “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Parlament saytida yozilishicha, qonun loyihasi bilan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonunlarga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Mehnat kodeksining 80-moddasiga asosan ishga kirayotgan shaxsdan talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatidan turar joydan ma'lumotnoma taqdim etish sharti chiqarib tashlanmoqda. Deputatlarining so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida fuqarolar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanadi va sansalorliklarga chek qo‘yiladi.

“Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi qonunga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini (yo‘l qo‘yiladigan uzoqlikda ekanligini) belgilash funksiya va vazifalari aholi bandligiga ko‘maklashish tuman (shahar) markazlariga o‘tkazilishi bo‘yicha o‘zgartirish kiritilmoqda. Bu esa, mahalliy davlat hokimiyati organlariga xos bo‘lmagan vakolatlar tegishli aholi bandligiga ko‘maklashish tuman (shahar) markazlariga o‘tkazilishini anglatadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan qator qonunlar normalariga ham shu mazmundagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha qaror qabul qilishni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda va byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Top