17:31 / 09.09.2020
18129
Jalaquduq tumaniga yangi hokim tayinlandi

Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hokimi Furqat Buzrukov ishdan ketgan.

Bugun, 9 sentabr kuni Xalq deputatlari Jalaquduq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.

Unda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Sessiya qaroriga ko‘ra, tuman hokimi Furqatjon G‘ulomjonovich Buzrukov egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Hikmatullo Abdulhamidovich Latipov Jalaquduq tumani hokimi lavozimini egallagan.

Hikmatullo Latipov

Hikmatullo Latipov 1976 yilda Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda Toshkent davlat universitetini (bakalavr), 2001 yilda O‘zbekiston milliy universitetini (magistratura), 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi-pedagog, sotsiolog, biznes boshqaruvchi.

U 2004-2013 yillarda Moliya vazirligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan, 2013-2015 yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, 2015-2017 yillarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish bosh boshqarmasi monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimida mehnat qilgan, 2017 yildan Hisob palatasida faoliyat yurita boshlagan, 2018 yil noyabridan buyon O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va xarajatlarni tahlil qilish axborot-tahlil sho‘'basi mudiri sifatida ishlab kelayotgandi. 

Eslatib o‘tamiz, Furqat Buzrukov 2020 yil fevralidan buyon Jalaquduq tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Furqat Buzrukov

Bugun kun davomida Andijon viloyatining yana ikki tumaniga yangi rahbarlar tayinlangandi – Jalaquduq IIB boshlig‘i Mansurbek Alixanov Asaka tumani hokimi lavozimida, Andijon viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Zohidjon Ahmadaliyev Xo‘jaobod tumani hokimi lavozimida ish boshladi.

Top