17:47 / 09.09.2020
6142
Tramp nomzodi Nobel mukofotiga ilgari surildi

Norvegiyalik deputatning ta'kidlashicha, Donald Tramp siyosiy faoliyati davomida tinchlik o‘rnatilishi uchun boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ish qilgan.

Foto: REUTERS/Jonathan Ernst

Norvegiyaning «Rivojlanish partiyasi» deputati Kristian Tibring-Gedde AQSh prezidenti Donald Tramp nomzodini Nobel mukofotiga ilgari surdi. Bu haqda Fox News telekanali xabar bermoqda.

Deputat Nobel qo‘mitasiga maktub yo‘llab, unda amerikalik yetakchi nima uchun ushbu mukofotga munosib ekanligiga izoh bergan. Uning yozishicha, Tramp siyosiy faoliyati davomida tinchlik o‘rnatilishi uchun boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ish qilgan: xususan, Isroil va BAA o‘rtasidagi munosabatlarning tiklanishida uning ma'muriyati asosiy rolni o‘ynagan.

«Mintaqadagi boshqa mamlakatlar ham Amirliklar yo‘lidan boradi, bu kelishuv tufayli Yaqin Sharq hamkorlik va farovonlik mintaqasiga aylanadi», — deb ta'kidlagan Tibring-Gedde.

14 avgust kuni Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O'Brayyen ham Amerika prezidenti tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishi mumkinligini aytgandi. 

 13 avgust kuni Tramp Isroil va BAA ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan tarixiy kelishuvni imzolaganini ma'lum qildi. Ikki mamlakat AQSh prezidenti ma'muriyati vositachiligida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Top