15:07 / 09.09.2020
25735

Xo‘jaobod tumaniga yangi hokim tayinlandi

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida hokim o‘zgardi.

Bugun, 9 sentabr kuni Xalq deputatlari Xo‘jaobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilib yangi tuman hokimi tayinlandi. 

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Zohidjon Zokirjonovich Ahmadaliyev Xo‘jaobod tumani hokimi lavozimini egallagan.

Zohidjon Ahmadaliyev

Zohidjon Ahmadaliyev 1974 yilda Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida tug‘ilgan. 1996 yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot institutini, 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi (qishloq xo‘jaligida buxgalteriya hisobi, nazorat va xo‘jalik faoliyatining tahlili).

U 1996-2002 yillarda Oltinko‘l tumani hokimligida, 2002-2010 yillarda Andijon viloyati hokimligida turli lavozimlarda ishlagan, 2010-2013 yillarda Shahrixon tumani hokimi o‘rinbosari bo‘lgan, 2013-2017 yillarda yana viloyat hokimligida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan, 2017 yilda Andijon tumani hokimi birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2018-2019 yillarda Andijon viloyati iqtisodiyot va xududlarni kompleks rivojlantirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2019-2020 yillarda Andijon viloyati iqtisodiyot va sanoat Bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan, 2020 yilning 9 aprelidan buyon Andijon viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

U yangi lavozimda tumanga 2018 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Otabek Rasulovning o‘rnini egalladi.

Otabek Rasulov

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman Kengashining bir guruh deputatlari prezident va qator davlat idoralariga tuman hokimi Otabek Rasulovning olib borayotgan ishlaridan norozi bo‘lib murojaat yo‘llagani xabar qilingandi. Shundan so‘ng tuman hokimi lavozimidan ozod etilgan.

Bundan avvalroq Andijon viloyatining Asaka tumaniga yangi hokim tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top