23:20 / 10.09.2020
24480
Dunyodagi vaziyat: Isroil ikkinchi lokdaun arafasida, Tramp yana tanqid qilinmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp avval boshdanoq koronavirus xavfliligi darajasini ongli ravishda kamaytirgan, dunyo bo‘ylab Covid-19’dan vafot etganlar soni millionga yaqinlashmoqda, BMT bolalar o‘rtasida o‘limlar soni ortishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: AP/TASS

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, sayyorada 27,9 mln kishi Covid-19’ni yuqtirib olgan, 904,3 ming kishi vafot etgan.

Ikki ko‘rsatkich bo‘yicha ham eng ko‘p shikastlangan davlatlar AQSh, Hindiston va Braziliya bo‘lib qolmoqda. Yevropa davlatlari orasida eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichi hamon Buyuk Britaniyaga to‘g‘ri keladi - 41,6 ming qurbon.

Isroil hukumati kasallanish statistikasining keskin o‘sishi munosabati bilan ikkinchi umummilliy lokdaun kiritish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Bundan tashqari, mahalliy cheklovlar butun mamlakat bo‘ylab epidemiologik holati qoniqarsiz bo‘lgan 40ta qizil hududlarda joriy etilgan.

Foto: AP/TASS

Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi chorshanba kuni 3904ta yangi kasallanish holati haqida xabar qildi, bu pandemiya boshidan beri kuzatilgan yangi kunlik rekord ko‘rsatkich. Hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab koronavirusga chalinish holatlarining jami soni 142,5 mingni tashkil etmoqda, qurbonlar - 1054 nafar.

Indoneziya poytaxti Jakartada ma'murlar shahardagi holat favqulodda vaziyatga yaqinligini ma'lum qildi.

So‘nggi kunlar ichida shahar shifoxonalari yangi bemorlarni qabul qila olmay qolgan. Dushanbadan boshlab poytaxtning ko‘plab tumanlarida qayta qat'iy cheklovlar kuchga kira boshlaydi.

Hindistonda kunlik shikastlanishlar soni bo‘yicha yangi antirekord qayd etildi - 95,7 ming bemor. Ushbu davlatda jami holatlar soni 4,5 mln atrofida (dunyoda ikkinchi o‘rin), 75 ming kishi vafot etgan (dunyoda uchinchi o‘rin).

Yaponiyaning Sumo assotsiatsiyasi xabar berishicha, poytaxt guruhlaridan biridagi 19 nafar sportchiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Guruhda 28 nafar a'zo bor, ammo assotsiatsiya qaroriga muvofiq, hatto sog‘lom sportchilar ham kelayotgan dam olish kunlari boshlanadigan yilning eng nomdor turnirini o‘tkazib yuboradi.

Ko‘p vaqtlik tanaffusdan keyin iyul oyi o‘rtalarida sumochilar musobaqalariga ruxsat berilgandi

Grand Sumo Tournament’ning bosh sovrini - har qanday sumochi uchun eng ardoqli mukofot bo‘lgan Imperator kubogi.

Tramp ommaviy tahlikadan qo‘rqqan
AQSh prezidenti Donald Tramp Covid-19 naqadar xavfli ekanligini boshidanoq bilgan, ammo jamiyatda vahima paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun xavf darajasini qasddan pasaytirgan, deydi amerikalik jurnalist Bob Vudvord. 

GETTY IMAGES

Vudvord dunyodagi eng taniqli jurnalistlardan biri bo‘lib, uning faoliyati AQShning 37-prezidenti Richard Niksonni 1974 yilda «Uotergeyt mojarosi» doirasida iste'foga chiqishga majbur qilgandi. 

Tramp va pandemiya haqidagi xabarlarida u o‘zining AQSh prezidenti bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan intervyusiga ishora qilmoqda. 

Umumiy hisobda, Vudvord Tramp bilan o‘tgan yilning dekabridan shu yilning iyuliga qadar 18 marta suhbatlashgan. Donald Tramp fevral oyida o‘tkazilgan intervyusida koronavirus gripp kabi oddiy virusdan ko‘ra xavfli ekanligini tushunganini tan olgan. 

«U havoda uchadi. Uni yengish teginish orqali yuqadigan narsadan ko‘ra qiyinroq. Hatto biror narsaga tegishing shart emas, shunday emasmi? Siz shunchaki nafas olasiz va u shu tarzda yuqadi. U juda nayrangkor. Bundan tashqari, uning o‘lim darajasi grippning eng og‘ir darajasidan ham yuqoriroq», deya Trampning so‘zlarini keltiradi jurnalist. 

Endi amerikaliklar Trampni ham, Vudvordni ham keskin tanqid qilishmoqda.

Kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha Qo‘shma shtatlar dunyoda birinchi o‘rinda joylashgan - mos ravishda 6,3 million va 190,8 mingdan ortiq holat.

Koronavirus va yoshlar
BMT koronavirus pandemiyasi dunyoda bolalar o‘limini kamaytirish bo‘yicha ko‘p yillik harakatlarni yo‘q qilishi mumkinligidan ogohlantiryapti.

BMT homilador ayollar koronavirus tufayli zarur kuzatuv ostida bo‘la olmasliklaridan tashvishda

Mutaxassislarning fikrlariga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limiga qarshi kurashda ajoyib natijalarga erishildi: 1990 yilda dunyoning turli mamlakatlarida 12,5 million chaqaloq turli sabablarga ko‘ra vafot etgan, 2019 yilda esa bu ko‘rsatkich 5,2 millionni tashkil qilgan. 

Biroq, pandemiya tufayli, ayollar homiladorligi shifokorlar tomonidan yetarli darajada kuzatish imkoni yo‘qolayotgani sababli, dunyo mamlakatlarining 68 foizida vaziyat yana yomonlashishi mumkin. 

Tug‘ruq bo‘limlari ishida uzilishlar mavjud, hamma joyda emlash jadvallari buzilgan. 

Bolalar o‘limining eng ko‘p uchraydigan sabablari sifatida erta tug‘ilish, tug‘ruq paytidagi asoratlar, neonatal sepsis, pnevmoniya, diareya va bezgak qayd etiladi. 

Harvard tibbiyot maktabi olimlari shu paytgacha mavjud bo‘lgan, yoshlarning koronavirus virusiga chalinish ehtimoli kamroq va toqat qilishi osonroqligi haqidagi fikrni rad etuvchi tadqiqot natijalarini taqdim etishdi.

Tadqiqot Covid-19 tashxisi bilan turli vaqtlarda kasalxonaga yotqizilgan 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan 3222 nafar amerikalikning ma'lumotlari asosida o‘tkazilgan. Ulardan 21 foizi reanimatsiyaga ehtiyoj sezgan, 10 foizi o‘pkani shamollatish apparatiga ulangan, 2,7 foizi kasallik tufayli vafot etgan. 

Olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu yosh toifasining nisbatan kamroq zaifligi haqidagi avvalgi bayonot yoshlarda immunitetning kuchliligi va yosh ortishi bilan yuzaga keluvchi yondosh kasalliklarning kamligiga asoslangan edi.

Shuning uchun ham ushbu guruhdagi tadqiqotlar qoldiq asosda olib borildi, bu esa Covid-19 ta'sirining haqiqiy ko‘lamini aniqlashni qiyinlashtirdi. Ushbu mavzu bo‘yicha ilmiy xulosalar JAMA Internal Medicine jurnalida chop etilgan.

Top