22:51 / 10.09.2020
11611
Koronavirusga qarshi vaksinaning butun dunyo bo‘ylab yetkazilishi “asr missiyasi” bo‘lishi aytildi

Koronavirusga qarshi vaksinaning butun dunyo bo‘ylab yetkazilishi “tarixdagi eng katta transport muammosi” bo‘ladi. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) ma'lumotlariga ko‘ra, buning uchun Boeing 747 kabi samolyotdan 8 mingtasi kerak bo‘ladi. 

Foto: Economic Times

To‘laqonli vaksina hali yaratilmagan bo‘lsa-da, IATA vaksinani butun dunyo bo‘ylab yetkazish borasida aviakompaniyalar, aeroportlar, sog‘liqni saqlash idoralari va farmatsevtika kompaniyalari bilan ish olib bormoqda.   

“Vaksinalarning xavfsiz yetkazilishi yuk aviatashuvlari sohasi uchun “asr missiyasi” bo‘ladi. Biroq bu dastlabki rejasiz yuz bermaydi. Buning vaqti keldi”, deb aytgan IATA ijrochi direktori Aleksandr de Juniak.

Aviakompaniyalar pandemiya vaqtida yo‘lovchi reyslariga talab kamayib ketgani sababli yuk tashishga e'tiborni qaratgan hozirgi bir vaqtda vaksinalarni yetkazish murakkab bo‘ladi. Hamma samolyotlar ham vaksinani tashish uchun to‘g‘ri kelavermaydi, chunki buning uchun ma'lum harorat diapazoni saqlanishi lozim. Ba'zi vaksinalarga juda past haroratlar talab etilishi mumkin.

“Biz bu jarayonlarni yaxshi bilamiz. Dunyoning ba'zi joylariga, jumladan Janubi-Sharqiy Osiyoga parvozlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, chunki u yerda vaksina ishlab chiqarish uchun imkoniyatlar yo‘q”, deb qo‘shimcha qilgan IATA’ning yuklar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi boshlig‘i Glen Xyuz.

IATA’da ta'kidlanishicha, Afrikada yuk samolyotlari yetarlicha miqdorda bo‘lmagani, hududning kattaligi va chegaralarni kesib o‘tish murakkabligi hisobiga ayni vaqtda “qora qit'a” bo‘ylab vaksinani yetkazishning imkoni yo‘q.

Vaksinalarni tashish harbiy aniqlikni hamda ular saqlanadigan joylarda salqin omborlar bo‘lishini talab etadi.

Shu munosabat bilan IATA tayyor holatda bo‘lish uchun hukumatlarni hozirdanoq ishga kirishishga chaqirgan.

Vaksinalarni tashishda yuzaga keladigan yana bir muammo ularning xavfsizligi hisoblanadi.

“Vaksinalar juda qimmatli tovar bo‘ladi. Yuklar qalbakilashtirish va o‘g‘irlanishdan himoyalangan bo‘lishini ta'minlash uchun choralar ko‘rilishi lozim”, deb qo‘shimcha qilingan IATA’da.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top