17:08 / 10.09.2020
21886
Qirg‘iziston prezidenti «Artel Elektroniks» korxonasiga bordi

Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha Qirg‘iziston-O‘zbekiston kelishuvi asosida ochilgan qo‘shma korxona ishlab chiqarishni kengaytirmoqda va eksportni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekovning matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qorasuv tumanining Andijon qishlog‘ida «Artel Elektroniks» qirg‘iz-o‘zbek qo‘shma korxonasi ishlab chiqarishni kengaytirmoqda va mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirmoqda. Uni ochish to‘g‘risidagi kelishuvga Sooronbay Jeenbekovning 2017 yil dekabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan.

Bugun, 10 sentabr kuni, O‘sh viloyatiga safari doirasida Sooronbay Jeenbekov ushbu korxonaga tashrif buyurib, faoliyati bilan tanishdi.

Tijorat direktori Orozbay Otajonov korxona 2018 yildan buyon ishlab kelayotgani va maishiy texnika ishlab chiqarish, xususan, kir yuvish mashinalarini yig‘ish bilan shug‘ullanayotgani haqida ma'lumot berdi.

Bugungi kunga qadar 105 kishi ish bilan ta'minlandi, ish o‘rinlari sonini 200 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Korxona oyiga 900ga yaqin kir yuvish mashinalari ishlab chiqaradi, oylik savdo hajmi esa 3 million somni tashkil etadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichki bozorda sotiladi.

Ta'kidlanishicha, 2022 yilda gaz plitalarini, 2023 yildan esa televizorlar va muzlatgichlar ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.

Prezident Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston eng yaqin qo‘shni davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.

Davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan qo‘shma sanoat korxonalarini yaratish orqali oshirish zarurligini ma'lum qildi.

Prezident mehnat jamoasi bilan suhbatda korxonaning har bir xodimi uning rivojlanishidan manfaatdor bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. U korporativ boshqaruvning yapon uslubini misol qilib keltirdi, bunda barcha xodimlar o‘zlari ishlayotgan korxonaga o‘zlarining shaxsiy mulki sifatida qarashadi.

Prezident mintaqalarni rivojlantirish siyosatining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi, uning doirasida eksport salohiyatiga ega korxonalarga asosiy e'tibor qaratilmoqda.

Top