16:47 / 10.09.2020
7185
«Ronaldu bilan o‘yinidan keyin iqtidorimizni yo‘qotgandik». Sergey Lushchan «Dinamo», Jaloliddinov va Shomurodovning gol ura olmayotgani haqida

Futbolchilik faoliyatidan keyin 10 yildan ortiq vaqt davomida «Bunyodkor» akademiyasi va jamoasida faoliyat olib borgan, mamlakatimizdagi bir qator iqtidorli futbolchilarni katta futbolga olib chiqishda Sergey Lushchanning hissasi katta. O‘tgan yillar davomida Superligada «Bunyodkor» va «So‘g‘diyona» klublarini boshqargan mutaxassis hozirda Pro liga ishtirokchisi «Dinamo» jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda. Samarqand klubida ham yosh futbolchilar bilan klubni Superligaga olib chiqishni maqsad qilgan murabbiy Tribuna.uz saytiga intervyu berib, «Bunyodkor»dagi faoliyati, Jasur Jaloliddinovning akademiyaga qabul qilinishi, Eldor Shomurodovning gol ura olmayotgani va bir qator savollarimizga javob berdi.

«Dinamo»ning taklifi menga hammasidan ko‘ra qiziqarliroq tuyuldi»

- Sergey Ivanovich, «Dinamo» varianti qanday paydo bo‘lgandi?

- Hammasi oddiy. «Dinamo» klubi rahbariyatidan taklif tushgach, gaplashdik. Klub Superligaga chiqishni maqsad qilgan. «Dinamo»ning taklifi menga hammasidan ko‘ra qiziqarliroq tuyuldi. Chunki rahbariyat klub oldiga jiddiy vazifalarni qo‘ygan. Bolalar futbolidan kattalar futbolchigacha. Oldimda yana 1-2ta taklif bor edi, ammo pandemiya sababli rejalarim o‘zgarib ketgandi. Qolaversa, oxirgi paytlarda murabbiylik ishimni ham sog‘inib qolgandim. Murabbiylik faoliyatiga qaytishni juda ham istagandim.

- «Dinamo»ning o‘yinlaridan keyin noodatiy yondashuvga guvoh bo‘layapmiz – uchrashuv tugagani hamonoq charchoqqa qaramay, jamoa futbolchilari bilan yana mashg‘ulot o‘tkazayotganingiz nima bilan bog‘liq?

- Oxirgi bir yarim oy ichida biz jamoa yaratish ustida ish boshlab, hali oxirigacha shakllantira olmadik. Futbolchilar bir-birini oxirigacha tushuna olishayotgani yo‘q. Shunga qaramay, ular asosiy ko‘rsatma va talablarimizni bajara olishmoqda. Bugun ham oddiy vaziyatdagi xato tufayli gol o‘tkazib yubordik. Shunday xatolarni mashg‘ulotlar orqali yo‘qota olsak, oldimizdagi vazifani uddalash imkoniyati bo‘ladi. Bizda ishlov berish uchun material bor, bu jamoa. Umid qilamanki, yana 3-4 turdan keyin biz o‘yin mazmuniga ega jamoa paydo bo‘ladi. O‘yindan keyingi mashg‘ulotlar esa jamoa ertasiga bemalol dam olishi uchun.

- Qo‘l ostingizda yig‘ilgan tarkibdan qanchalik qoniqdingiz?

- Biz taklif qila olmay qolgan futbolchilar bor, ammo shunga qaramay nolisam gunoh bo‘ladi. Biz uchun eng foydali bo‘lgani bu – Pro liga o‘yinlarida katta tanaffus yuzaga kelgani bo‘ldi. Orada tarkibni jamlab, imkonqadar dam olishsiz ishlashga harakat qildik. Agar tanaffus bo‘lmay, men «Dinamo»ga kelganimning 3-kunidayoq o‘yinlarimiz boshlansa, nima bo‘lishini tasavvur qilishga ham qo‘rqaman. Chunki o‘shanda jamoa tarkibining yarmini hattoki familiyasini bilmasdim. Hozirga kelib jamoa bilan imkonqadar ishladik. Qo‘l ostimda yuqori saviyali o‘yin namoyish etishga qodir bo‘lgan yaxshi futbolchilar jamlangan. Ayni damda bizga natija kerak. Hozircha natijadan kelib chiqib, o‘yin ko‘rsatamiz.

- O‘zingiz istagan futbolchilarni «Dinamo»ga taklif eta oldingizmi? Transfer rejalaringiz necha foizga amalga oshdi?

- Bilasizmi, bu yilgi vazifalardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, chaqirmoqchi bo‘lgan futbolchilarim orasidan ikki o‘yinchini taklif etishning iloji bo‘lmadi. Ammo tarkib borasida rejalarimning 80 foizi amalga oshdi, deya olaman, 20 % esa yo‘q. Chunki davralar oralig‘ida shartnomasi bor futbolchilarni chaqirish qiyin masala. Tabiiyki, men o‘zim yaxshi bilgan futbolchilarni taklif etgandim. Bundan tashqari, «Dinamo»ga kelib qo‘l ostimda o‘ynamoqchi bo‘lgan futbolchilar ham bor, ammo ularning ham hozirgi klublari bilan o‘zaro shartnomalari bor. Hammasi yaxshi bo‘lsa, ularni keyingi mavsumda chaqirishim mumkin. Chunki menga yoqmaydigani, hozirgi jamoamda ham ijarada o‘ynayotgan talaygina futbolchilar bor. Ularni jamoa sifatida shakllantirganimdan keyin yil oxirida qo‘yib yuborish kerakligi menga alam qiladi. Bu narsa meni ko‘proq tashvishlantiradi.

- Bir yarim oydan buyon «Dinamo»ni shakllantirayapsiz. Aytingchi, aynan qaysi pozitsiya sizni haligacha ko‘proq tashvishlantiradi?

- Hujumkor yarimhimoyachilar. Chunki ular hali men talab qilayotgan ishni to‘liq tushuna olganlaricha yo‘q. Bu chiziqdagi futbolchilarga Xudo tomonidan berilgan iqtidor ham bo‘lishi kerak. O‘yindan-o‘yinga izlanishda davom etamiz. Qo‘l ostimdagi 25 nafar futbolchi men uchun asosiy tarkib. Istalgan payt rotatsiyaga qo‘l urishim mumkin. Kelgan vaqtimdayoq aytganman, yaqin yillarda tarkibning 80-90 foizi samarqandlik mahalliy yoshlardan iborat bo‘lishi kerak. Albatta, hammasi natijalarimiz qanday ko‘rinish olishiga bog‘liq.

«Ronaldu u bilan maydonda birga o‘ynagach, yosh iqtidorni masxarabozga aylantirishdi»

- Ko‘p yillar «Bunyodkor» akademiyasini boshqardingiz, akademiya tarbiyalanuvchilari safidan Osiyo chempionlari chiqdi, aksariyati legionerga aylandi va bugun milliy jamoada ham to‘p surmoqda. Aytingchi, «Dinamo» bosh murabbiyiga aylangach, Samarqandda bolalar futbolini rivojlantirish bo‘yicha homiylar va rahbariyatga o‘z tavsiyalaringiz yoki dasturingizni berdingizmi?

- Albatta, bu borada rahbariyat bilan gaplashganmiz. Klub alohida, akademiya alohida emas, hammamiz bitta qozonda qaynashimiz kerak. Shunda natija bo‘ladi. Ammo hammasi ko‘rsatayotgan klubdagi natijalarimizga bog‘liq. Maqsadimiz sari olg‘a borishda davom etsak, akademiya borasidagi ishlarimiz ham yurishadi. Chunki futbolda yoshlar eng katta kuch. Aynan yoshlarga ishonish orqali viloyat futboli ham, klub ham o‘zi ko‘zlagan natijalarga erishishi mumkin. O‘shanda ham akademiyadagi o‘smir va yoshlarni tarbiyalashda qat'iy intizomga ham amal qilinishi kerak. Aks holda zo‘r deb bilgan iqtidoringiz ham hattoki Pro liga darajasida ham o‘ynay olmasligi mumkin.

Sizga bir voqeani aytib beraman. «Bunyodkor» akademiyasidagi faoliyatimda qo‘l ostimda andijonlik ajoyib iqtidor bor edi. Familiyasi esimda yo‘q, ismi Shohjahon edi.

- Krishtianu Ronaldu Toshkentga kelganida birga «jonglyor» o‘ynagan bolami?

- Xuddi o‘sha.

- Shohjahon Hasanov. U hozir qayerda?

- Aynan shu savol menga ham qiziq. U hozir qayerdaligini umuman bilmayman. Aslida esa undan umidim katta edi. Bilasizmi, uning iqtidorli ekanligi birinchi o‘yinidayoq, harakatlaridan sezilardi. O‘sha bolani o‘sib-ulg‘ayishi va yaxshi futbolchi bo‘lib yetishishi uchun hammadan yashirishga harakat qilardik. Ayniqsa, Krishtianu Ronaldu Toshkentga kelgach, Shohjahon u bilan maydonda birga o‘ynagach, yosh iqtidorni masxarabozga aylantirishdi. Akademiyadagi ishim o‘sha bolani atrofdagilardan asrash bo‘lib qolgandi. Ayrimlar bilan mushtlashishgacha ham borganman. Hali unisi keladi tadbirga olib ketadi, hali bunisi qo‘ng‘iroq qilib banketga taklif qiladi, yana bittasi kelib qo‘ymay to‘yga sudrab ketadi, boshqasi kechga tug‘ilgan kunga. Bo‘lajak futbolchini shoumen va klounga aylantirib qo‘yishgandi. Ronaldu bilan uchrashmaganida balki biz bugun yana bir kuchli futbolchiga ega bo‘larmidik... Chunki u bilan o‘ynaganidan keyin iqtidorli futbolchimizni yo‘qotgandik. O‘smir bola hali bunaqa mashhurlikka umuman tayyor emasdi. Sen futbolni tanladingmi, akademiya tarbiyalanuvchilari singari faqat futbol haqida o‘ylashing kerak. Yoshlikdagi havaslarga uchdingmi, tamom sen futbolda hech narsaga erisha olmaysan. Afsuski yaxshi futbolchi bo‘lishi kerak bo‘lgan iqtidorli yigitni tadbirbozliklar sindirib qo‘ygandi.

Jasur Jaloliddinov, Baxtiyor Zaynutdinov va Eldor Shomurodov haqida

- Yaqinda «Lokomotiv»ga o‘tgan Jasur Jaloliddinovni yosh bo‘lishiga qaramay akademiyaga siz taklif qilgan ekansiz...

- Yodimda, Jasur Jaloliddinovni akademiyaga murabbiy Dima Kim olib kelgandi. U Toshkentda yashamasdi. Ammo o‘sha paytda «Bunyodkor» akademiyasiga yashab tahsil olish uchun 14 yoshdan kattalar qabul qilinar, Jasur esa hali 10 yoshga ham kirmagandi, adashmasam. Biroq Jasurning iqtidori ham shundoq ko‘zga tashlanardi. Ushbu masalada O‘FA sobiq prezidenti marhum Mirabror Usmonov katta yordam bergan. Mirabror Zufarovichga Jaloliddinovni akademiyada olib qolish bo‘yicha murojaat qilganimda darhol ruxsat bergan. Umuman olganda Zufarovovichning akademiya faoliyatiga bog‘liq yordami juda katta edi. Istalgan masalada qabuliga kirsam, hal qilib berardi. Yakunda Jasurni akademiyamizga qabul qilgandik. Uning o‘yini va jismoniy holati biroz yaxshilansa, kifoya edi. Jasurda Xudo tomonidan berilgan iqtidor bor.

- Yaqinda «Rostov»dan TsSKAga o‘tgan qozog‘istonlik Baxtiyor Zaynutdinov «Bunyodkor»dagi faoliyatingiz davomida qo‘l ostingizda bir hafta to‘p surgan ekan. Uni nega olib qolmagansiz?

- Uni olib qolish uchun ancha harakat qilgandik. U Qozog‘istondan Toshkentga kelib, biz bilan bir hafta davomida mashg‘ulot o‘tkazgandi. Ammo «Bunyodkor» akademiyasiga yashab, tahsil olishi uchun faqat o‘zbekistonliklar qabul qilinar, Baxtiyor esa qozog‘istonlik edi. Shunga qaramay, Zaynutdinovni akademiyaga qabul qilinishi uchun hujjatlarini tayyorlagandik, ammo uni olib qolishning iloji bo‘lmagandi. Bu futbolchining ham iqtidori bor edi, shu sabab uni olib qolishga intilganmiz. Baxtiyorning «Rostov» va TsSKAdagi muvaffaqiyatlari bejizga emas.

- Eldor Shomurodov shogirdlaringizdan biri sanaladi. Uni «Bunyodkor»ga olib kelgansiz, yoshlar jamoasida ham qo‘l ostingizda to‘p surgan. Milliy jamoamiz hujumchisi «Rostov» safida so‘nggi marta fevral oyida gol urgandi. Eldorning gol urmay qo‘ygani nima bilan bog‘liq?

- Bundan fojia yasamaslik kerak. Eldor hozirgidek o‘ynashda davom etsa hali gol uradi. Uning asosiy tarkibdan tushmayotgani ham bejizga emas. Odatda, qo‘l ostimdagi hujumchilarga o‘tmishning ajoyib goleadori Oleg Bloxin bilan bo‘lgan voqeani aytib beraman. Yevropaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Bloxin ham orada gol urmay qo‘yganiga ko‘pchilik «Bloxin endi avvalgidek bo‘lolmaydi, u hujumchi emas» qabilida gapira boshlagan. Murabbiy Valeriy Lobanovskiy esa Bloxinga baqirmagan, so‘kmagan, shunchaki uni bo‘sh darvozaga tinmay gol urish bilan shug‘ullantirgan. Bu esa katta o‘yinlarda ish bergan. Eldordagi hujumchilarga xos iqtidor va gol urish qobiliyati hech qayerga yo‘qolmaydi. Har bir futbolchida uchraydigan holat Eldorning ham boshidan o‘tayapti. Bundan ortiqcha tashvishlanmay, u o‘z o‘yinini ko‘rsatib jamoaning foydasi uchun to‘p surishda davom etsa, gollarning o‘zi tez orada keladi. Qolaversa, futbolchi o‘zi haqida ommada salbiy narsa yozilganda ham e'tibor bermasligi, qo‘lini tushirmasligi lozim. Shomurodov O‘zbekistonning eng kuchli forvardlaridan biri, u tez orada yana gol ura boshlashiga hech qanday shubham yo‘q.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.

Top